Impichment barbod bo‘ldi. Bu Donald Tramp va Amerika siyosati uchun nimani anglatadi?

Jahon 19:30 / 06.02.2020 37190

Prezident o‘z vakolatini suiiste'mol qilganligi to‘g‘risidagi ayblovga 48 kishi ovoz bergan, 52 nafar senator prezidentni aybsiz deb topgan. Impichment amalga oshishi uchun esa Senatdagilarning uchdan ikki qismi — 67 senator ovoz berishi talab etilardi. Bu ayblovni Senatdagi barcha demokratlar va bir respublikachi qo‘llab-quvvatladi.

Ikkinchi punkt bo‘yicha ayblovni esa (Kongress ishiga xalal berish) faqat 47 nafar senator qo‘llab-quvvatlagan, 53 senator Trampni hokimiyatdan chetlatishga qarshi bo‘lgan.

Ovozlar solishtirilganda, senator-respublikachi  Mitt Romni faqat birinchi ayblov uchun ovoz bergani, ikkinchi ayblov bo‘yicha impichmentga qarshi bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Natija oldindan ma'lum edi

O‘tgan yilning sentyabrida boshlangan impichment jarayoni qanday yakunlanishi haqida demokratlarning yetakchilari Senatdagi eshituvlar boshlanishidan avval ham bilishardi.

2019 yilning dekabr oyi oxirida NBC efirida chiqish qilgan demokrat senator-demokrat Kristofer Kuns Kongressning yuqori palatasidagi eshituvlar yakunlanganidan keyin Tramp o‘zini qanday tutishidan «juda tashvishda ekani»ni ma'lum qilgandi. U Senatdagi respublikachilar prezidentni oqlashiga shubha bildirmagandi.

«Respublikachilar ko‘pchilik bo‘lgan Senat impichment e'lon qilib, uni jazolashdan bosh tortishsa, u cheklanmagan hokimiyatga ega bo‘ladi», - tusmol qilgandi Kuns. Senator AQSh prezidentining keyingi harakatlarini taxmin qilib ham bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan.

Aftidan, bunday qo‘rquvni Kongress spikeri Nensi Pelosi ham his qilgan, u so‘nggi uch yilda partiyadoshlarini bir necha bor Tramp impichmenti bo‘yicha tashabbusdan voz kechishga chaqirgandi.

O‘tgan yilning martidayoq u demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni nazarda tutgan holda prezidentni hokimiyatdan chetlatishga urinish «mamlakat uchun yomon oqibatlar» keltirishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Pelosi o‘shandayoq bu jarayon demokratlar kutgan natija bilan tugashi borasida illyuziyalarga berilmagani aniq edi.

Tramp nima yutdi?

AQSh prezidenti Senatdagi natijadan keyin g‘alabasi haqida jar solishiga demokratlar orasida hech kim shubha qilmasdi.

Senat qarori Tramp barchasini to‘g‘ri bajarganini ko‘rsatmoqda, demoqda tahlilchilar

«Biz prezidentni yaxshi bilamiz. Agar Senatda unga qarshi 67 ovoz yig‘ilmasa u bu jarayon «jodugar ovi» bo‘lganini aytib, o‘zini oppoq qilib ko‘rsatadi», degandi dekabr oyida yuqori martabali senator-demokrat Dik Darbin Vashingtonning The Hill nashriga.

Kongress spikeri Nensi Pelosi bir necha bor Senatdagi eshituv natijalari hech narsani anglatmasligini ta'kidlagandi. U Donald Tramp baribir tarixga AQShning impichment e'lon qilingan uchinchi prezidenti sifatida kirishi va bundan hech qanaqasiga xalos bo‘lolmasligiga e'tibor qaratgandi.

Siyosatshunoslar esa Donald Tramp Senatdagi natijadan o‘zining yangi prezidentlik kampaniyasida foydalanishiga shubha qilishmayapti.

«U buni o‘z g‘alabasi sifatida e'lon qiladi, unga moyil bo‘lgan saylovchilar Vashington isteblishmenti bilan mardonavor olishgan haqiqiy qahramonga ovoz berish kerakligiga ishontiriladi. Impichmentga urinish natijalari unga hali tanlov borasida ikkilanib turgan yangi saylovchilarning ovozlarini ham keltirishi mumkin», deb hisoblamoqda Stoni Bruk universiteti professori, politolog Jonatan Sanders.

Siyosatshunoslarning fikricha, AQSh prezidenti impichmentiga urinish barbod bo‘lishini uning ma'muriyati mamlakatni boshqarishda va tashqi siyosatda to‘g‘ri va samarali strategiya qo‘llaganiga isbotdir.

«Senatning qarori shuni ko‘rsatadiki, senatdagilar Tramp barchasini to‘g‘ri qilmoqda, deb baholashmoqda. Shunday ekan, xorijiy davlatlar rahbarlari Tramp Ukraina prezidenti Zelenskiydan so‘ragani kabi ishlarni so‘rashiga tayyor turishi kerak. Agar Tramp 2020 yilning noyabrida ham g‘alaba qozonsa, Kongressda uning harakatlarini nazorat qilish uchun deyarli hech qanday imkon qolmaydi: u AQSh tarixidagi eng murakkab siyosiy jarayonni boshidan o‘tkazib, undan omon chiqdi. Endi u istagan ishni qilishim mumkin deb hisoblaydi», deydi Vashingtondagi Brukings instituti eksperti, Harvard universitetidagi hukumat maktabi asoschisi Marvin Kalb. 

Kolumbiya universitetining yuridik fakulteti o‘qituvchisi, professor Richard Frolik Trampning huquqshunoslarining Senatdagi eshituv vaqtidagi harakatlari juda xavfli pretsedent yaratishi mumkinligini istisno qilmagan.

«Oq uy ko‘p oylar mobaynida kongressmenlar tomonidan talab qilingan hujjatlarni taqdim qilishdan bosh tortib kelishdi, ma'muriyat xodimlari guvohlik berishi taqiqlandi. Ammo buning uchun Tramp jazosiz qoldi, Senat uni oqladi. Bundan keyin ma'muriyatdagilar davlat rahbari Kongressning har qanday talabini rad etishga haqli deb o‘ylashlari mumkin, kongressmenlar esa ijro hokimiyati ustidan nazoratni yo‘qotishadi», deydi u.

Demokratlar nima yutqazishdi?

Senatda eshituv boshlanishi bilanoq CNN telekompaniyasi jamoatchilik fikri o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e'lon qildi, unda so‘ralganlarning 51 foizi Tramp hokimiyatdan chetlatilishi tarafdori ekani ma'lum bo‘lgan. Boshqa so‘rovlar ham shunday natijalarni ko‘rsatgan.

Lekin respublikachilarning fikrini prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning bayonoti ham o‘zgartira olmadi. U o‘zining memuar kitobida Donald Tramp unga Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishni va Kiyev 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Trampning asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenga qarshi tekshiruv boshlamagunicha yordamni tiklamaslikni buyurgani haqida yozgandi.

So‘rovnomada qatnashganlarning yarmidan ko‘prog‘i Tramp hokimiyatdan chetlatilishini yoqlagan

Shuningdek, prezidentning shaxsiy advokati bo‘lmish Rudolf Julianining sobiq yordamchisi Lev Parnas demokratlarga Tramp Ukrainadagi elchi Mari Yovanovichni zudlik bilan ishdan bo‘shatishni buyurgani, u o‘z atrofidagilar bilan 2016 yilgi saylovlarga Moskva emas, Kiyev aralashgani haqidagi nazariyani muhokama qilgani aks etgan audio va videoyozuvlarni taqdim etgandi.

Ammo yangi guvohliklar amerikaliklarning kayfiyatiga jiddiy ta'sir qilmagan.

Sotsiologlarning hisoblariga ko‘ra, AQSh prezidenti iste'fosi tarafdorlari soni Senatdagi eshituvlar arafasida oshgan, ammo bu o‘sish demokratlar tarafdorlari hisobiga bo‘lgan. Barcha so‘rovlar natijalarini umumlashtirgan FiveThirtyEight loyihasi tahlilchilarining fikricha, amerikaliklar Senatdagi muhokamalarga jiddiy e'tibor qaratishmadi.

Tahliliy portal ma'lumotlariga ko‘ra, bu kuni Trampning chetlatilishini istaydiganlar soni  amerikaliklarning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan - 50,2 foiz. So‘ralganlarning 45,2 foizi qarshi bo‘lgan.

So‘rovda qatnashgan va o‘zini demokratlar tarafdori deb belgilaganlarning 84,1 foizi impichment amalga oshishi va Tramp hokimiyatdan chetlatilishini istashini bildirgan, o‘zini mustaqil deb hisoblovchilarning 42,6 foizi impichmentni yoqlagan, respublikachilarning atigi 9,4 foizi Tramp ketishi kerak degan fikrni bildirgan.

Shu bilan birgalikda, siyosatshunoslar bu raqamlar yaqin vaqtlar ichida o‘zgarishi mumkin deb hisoblashmoqda.

«Vakillar palatasidagi eshituvlar saylovchilarda ijobiy taassurotlar hosil qilgan bo‘lsa, impichmentning barbod bo‘lishi uchun ayb nima qilib bo‘lsa ham korrupsioner prezidentni oqlashga tayyor respublikachilar qo‘lida. Ular 2020 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonishsa qozonishdi, yo‘qsa o‘zlarini mamlakatda shov-shuvli siyosiy shou uyushtirgan va va'dalarini bajarmagan siyosiy kuch sifatida namoyish etishadi», deydi ekspert Marvin Kalb.

Vashingtondagilar esa impichment uchun harakatni hayot-mamot masalasi emas, demokratlarning Donald Trampga qarshi kurashidagi bir epizod, deb qarashadi.

Hozirda Kongressning bir necha qo‘mitasi AQSh prezidentiga nisbatan tekshiruvlarini davom ettirmoqda. Nyu-York va Los-Anjyeles prokuraturalari Trampga qarshi jinoiy va fuqarolik da'volarini ko‘rib chiqishmoqda.

«Senatdagi eshituv vaqtida Oq uy yuristlari dambadam davlat rahbarini jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emasligini ta'kidlab turishdi. Ular AQShda prezident lavozimini tark etsa, hech qanday qonun uni javobgarlikdan qutqarib qololmasligidan qo‘rqishadi», deydi Richard Frolik.

Demokratlar impichment jarayonini nega boshlashgandi?

2018 yil kuzida Kongressdagi saylovda ishonchli g‘alabaga erishgach demokratlar Vakillar Palatasida ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishdi, ammo senat respublikachilar nazoratida qolaverdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, Kongressda faqat prezidentga impichment e'lon qilish, unga qarshi ayblovlarni ilgari surish huquqi mavjud. Davlat rahbarini hokimiyatdan chetlatish senatorlarning uchdan ikki qismi buni yoqlagandagina amalga oshadi. Ammo AQSh Kongressining yuqori palatasidagi demokratlar soni 47 nafar (100 o‘rindan), shunday ekan, Tramp Oq uyni tark etishi ehtimolini uning eng ashaddiy raqiblari ham jiddiy muhokama qilmagan.

Siyosatshunoslar Tramp Senatdagi natijalardan yangi prezidentlik poygasida foydalanishga urinadi deb hisoblashmoqda

«Aytish mumkinki, demokratlar jamoatchilik muhokamasiga «prezidentning jinoyatlari»ni tashlab, siyosiy ochkolarni ishlab olmoqchi bo‘lishdi. Ular hamisha g‘alaba qozonishga umid qilishmayotgani, bu tashabbus ularning zimmasidagi vazifa ekanini uqtirib kelishdi», deya izohlaydi Marvin Kalb.

Trampning o‘zini esa bu jarayon qadar tashvishlantirmadi. U respublikachilar ko‘pchilikni tashkil qiladigan Senatda oqlanishiga ishonchi komil edi. Respublikachilar uchun esa prezidentlik saylovlari o‘tkaziladigan yilda partiyaning imiji va nufuzini saqlab qolish muhim edi, prezidentning mag‘lubiyati ular uchun bo‘lajak saylovlardagi ochiq mag‘lubiyatga aylanardi.

Ko‘proq yangiliklar: