Qizlarning OTMga kirishi uchun ajratiladigan maxsus grantlarga korrupsiya aralashmaydimi? Mutasaddilar javob berishdi

Jamiyat 22:39 / 31.01.2020 18434

“Prezidentimiz parlamentga murojaatida qizlarni ilmli qilish masalasiga alohida to‘xtalib, oliy ta'lim muassasalariga grantlar sonini ikki barobar oshirish, xususan, qizlar uchun alohida grantlar ajratish kerakligini vazifa qilib qo‘ydilar va grant uchun nomzodlarni tanlash va saralash mexanizmini ishlab chiqish Xotin-qizlar qo‘mitasiga yuklatildi. Qo‘mitamiz mazkur vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida zudlik bilan Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim, Xalq ta'limi vazirliklari bilan birgalikda joylardagi kasblarga, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganuvchi ishchi guruh tuzdi. Hozirda ushbu ishchi guruhlar bilan imkoniyatlar o‘rganilyapti. Albatta ushbu ishchi guruh faoliyatiga jurnalistlar va blogerlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Shaffoflik ta'minlanadi va jarayon korrupsiyadan xoli qilinadi”, deydi xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Zulayho Mahkamova.

Zulayho Mahkamova

Qo‘mita grantga tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan nomzodlar sonini aniqlash va jarayonning shaffofligini ta'minlash uchun faqatgina qo‘mitaning tavsiyasi asosida amalga oshirishdan voz kechish ustida bosh qotirilmoqda. Mahkamova bir o‘ringa kamida beshta nomzod da'vogar bo‘ladigan tizim ishlab chiqilishi ko‘zlanayotganini ma'lum qildi.

“Nomzodlarni saralash va tanlash jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida malakali mutaxassislar bilan ish jarayonlari davom etyapti. Xalqaro press-klub sessiyasida jurnalistlar va blogerlar tomonidan bildirilgan fikrlar, shuningdek, jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni ham o‘rganib chiqishni rejalashtiryapmiz. Saralash mexanizmi bo‘yicha jamoatchilikning har qanday fikri eshitiladi, jo‘yalilari inobatga olinadi, shundan keyingina u hujjat shaklida ishlab chiqilib, ijroga qaratiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘z sohalari bo‘yicha bizga limitlar sonini berishi kerak. Xotin-qizlarning aksariyati o‘zini pedagogika sohasiga urishini ko‘rish mumkin. Bu bo‘yicha Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning joylardagi boshqarma va bo‘linmalari ta'lim muassasalari bilan ehtiyoj yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga qizlarni yo‘naltirish bo‘yicha ishlashi kerak”, deydi Zulayho Mahkamova.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov qizlarga alohida grantlarni ajratishdan oldin mavjud holatni tahlil qilib, xotin-qizlarga mos keladigan yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish lozimligini ta'kidladi. O‘rganish natijasida qaysi yo‘nalishlarga grantlarni ko‘paytirish kerakligi, qaysi yo‘nalishlarga ehtiyoj yuqori ekani ma'lum bo‘lishini, shundan keyingina vazirlik bu borada o‘z takliflarini berishini aytdi.

Inomjon Majidov

“Hozirgi kunda oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 46 foizini qizlar tashkil etadi. Ya'ni umuman olganda ularning soni kam emas. Lekin qizlarning mehnat bozorida ish topishi, mehnatga moslashishida muammolar bor. Bu oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan qizlar tanlayotgan kasblar mehnat bozoridagi ehtiyoj bilan qanchalik uyg‘un ekani bilan bog‘liq. Chunki qizlar ham hayotda nima bo‘layotganini, qaysi sohada ishga joylashish qizlar uchun osonu qaysi sohalarda qiyin ekanini ko‘rishyapti. Demak, ishga kirish qiyin sohaga borishmaydi. Maktabga ishga kirish oson, hamma joyda ta'lim sohasida ish topiladi. Tabiiyki, qizlar shu sohani tanlashmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birga ishlashni boshladik. Ta'lim yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Qizlarga nafaqat kelinglar, mana bu yerda o‘qinglar deb sharoit yaratish, balki ertaga ish joyini topishi uchun Mehnat vazirligi bilan ham ishlashimiz kerak bo‘ladi. Biz bu yerda grantni ko‘paytirganimizdan keyin mehnat bozoridagi sharoit bunga mos bo‘lishi zarur. Shunday lavozimlarni ko‘paytiraylikki, qizlar shu yerga borsin” deydi Inomjon Majidov.

Ko‘proq yangiliklar: