Samarqandda AQSh konsulligi ochiladimi? Deniyel Rozenblyum javob berdi

O‘zbekiston 11:00 / 29.01.2020 10945

28 yanvar kuni Samarqandga tashrif buyurgan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum jurnalistlar bilan muloqot o‘tkazib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Muloqot davomida janob Rozenblyum O‘zbekistondagi ochiqlik, demokratiya yo‘lidagi o‘zgarishlarni olqishladi: «Yurtingizdagi ochiqlik va demokratiyadan biz ham manfaatdormiz. Qanday deysizmi? Har qanday mamlakatdagi shaffoflik barqarorlikka olib keladi va biz aynan shuning tarafdorimiz. O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlardan avval ham xabardor edim, ammo elchilik faoliyatimni boshlagach, tasavvurlarim kengaya bordi».

AQSh elchisi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni e'tirof etarkan, bu yo‘lda hali murakkabliklar ham bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi. Rozenblyum O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarda OAVning o‘rni haqida jurnalistlarning fikri bilan qiziqdi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlarning mulk huquqini ta'minlash, Samarqand shahrining tarixiy qismida noqonuniy tarzda ko‘p qavatli binolar qurilishining oldini olish kabi masalalarda  OAV hamda jamoatchilikning yutuqlari muhokama etildi.

OAV vakillari bilan uchrashuvda qatnashgan Kun.uz muxbiri Samarqandda yaqinda Fransiya konsulligi ochilgani, AQShda ham bu borada rejalar bor-yo‘qligi haqida janob Rozenblyumdan so‘radi. AQSh elchisi hozircha Samarqandda konsullik ochish ko‘zda tutilmagani, ammo mamlakatning bir nechta hududlarida «Amerika burchaklari» ochish rejalashtirilganini aytdi. Uning aytishicha, bunday markazlarda odamlar AQSh bilan bog‘liq turli savollariga javob olishi mumkin bo‘ladi.

Tashrif davomida Deniyel Rozenblyum viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Ko‘proq yangiliklar: