Inomjon Majidov OTMlarida qisqartiriladigan fanlar haqida gapirdi

O‘zbekiston 22:09 / 29.01.2020 30558

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov OTMlarda o‘qitilayotgan nomutaxassislik fanlari qisqartirilishi masalasiga munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Fan qisqarishi haqida ikki xil fikr bor. Biz fanni qisqartirish bilan ham shug‘ullanganmiz. Bugungi kunda fanlar soni 40tadan oshmaydi. Bu raqam 3-4 yil avval 60dan ortiqni tashkil qilardi. Bu fanlarning qisqarishiga misol. Fanni qisqartirish uchun albatta qaysidir fanni olib tashlash shart emas. Soatlarni qoldirib, fanlarni yiriklashtirish ham mumkin. Bir nechta fanni bitta fan ko‘rinishiga olib kelish ham mumkin.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida huquqshunoslikni o‘qitish kerak, degan fikrni bildirdingiz. Bu qanchalik to‘g‘ri-noto‘g‘ri alohida masala, ammo shuni aytmoqchimanki, bunaqa takliflar juda ham ko‘p.

Nima qilamiz? Biz aytdik, o‘quv standartlari va dasturlarini tuzishga yondashuvni o‘zgartiramiz. Dunyo tajribasida bor, ya'ni kompetensiya masalasi. Yetishtirilgan kadr nimani bilishi kerak, ish beruvchi undan nimani kutyapti? Ana shu kompetensiyalar shakllantirilishi kerak. Bunga kim buyurtma berishi kerak – ishga oluvchi.

Inomjon Majidov

Ikkinchidan, kadrda o‘sha kompetensiyani shakllantirish uchun unga nimani o‘qitish kerak? Buni vazirlik qilmaydi, oliy o‘quv yurtlari qiladi. Bir xil yo‘nalishdagi OTMlar bitta metodik birlashmaga birlashib, mana bu fanlar bilan shu kompetensiyani beramiz, deya qaror qilishadi. Demak, o‘quv dasturini tuzishda ikki tomon – ish beruvchi va OTM ishtirok etishi kerak.

Uchinchi tomon – vazirlik. Vazirlik yagona ta'lim-tarbiya siyosatini yurgizish nuqtayi nazaridan o‘z talablarini qo‘yadi. Bunda tayyorlangan kadrning dunyoqarashi keng, madaniy saviyasi yuqori bo‘lishi kerakligi va hokazolardan kelib chiqiladi.

Eng muhimi – mana shu uchta tomondan boshqa hech kim aralashishi keragi yo‘q. To‘g‘ri aytdingiz, bittasi huquq fani kerak deydi, bittasi tabiatni bilishi kerak deydi, bittasi iqtisodni bilmasa umuman bo‘lmaydi deydi, bittasi moliyaviy savodxonlik kerak deydi... Va hokazo.

Shuning uchun mana uchta tomon bor, shulardan boshqa tashqaridan hech kim oliy o‘quv yurtiga o‘quv rejasini tuzishga aralashmasligi kerak. Hech qanaqangi hujjatlar bilan mana bu fan kiritilsin, degan tazyiq bo‘lmasligi kerak.

Hukumat tomonidan vazirlik «Mana shu fanni kiritasan», demaydi. Talaba mana shu malaka yoki tarbiyani egallashi kerak, degan talabni kiritadi», – dedi Majidov 29 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida oliy ta'limdagi mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni 2 barobar qisqartirilishini aytgan edi. Hozir OTMlardagi o‘quv rejalari va dasturlarida ixtisoslikka xos bo‘lmagan fanlar ulushi 18 foizga teng.​

Ko‘proq yangiliklar: