Bosh konsul migrantlar haqida: «Hamma ishga boraversa, ish beruvchi sharoitni yaxshilashga urinib ham ko‘rmaydi»

O‘zbekiston 23:01 / 29.01.2020 20169

O‘zbekistonning Tataristondagi bosh konsulligi rahbari Faridin Nasriyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu mavzularda so‘z yuritdi.

– Konsullikka ko‘proq qanday murojaatlar bo‘ladi?

– Murojaatlarga kelsak, kuniga 50-60 kishi bevosita konsullikka kelgan holda murojaat qilsa, yana shuncha kishi telefon orqali qo‘ng‘iroq qiladi. Bundan tashqari, elektron pochta orqali murojaatlar ham bor. Bularning barchasi biz uchun murojaat hisoblanadi. Albatta, ularning barchasi ko‘rib chiqiladi, biroq ba'zan biriga ustuvorlik beriladi, boshqa biri tezkorlik bilan ko‘rib chiqiladi.

Murojaatlarga doir bir-ikkita misol keltiraman, o‘quvchilar o‘zlari xulosa chiqarib olishadi, deb o‘ylayman.

Bir onaxonimiz O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq qildilar. Konsulligimiz xizmat ko‘rsatadigan hududda o‘g‘li va kelini yashab, ishlashini, ularga begona shaxslar tajovuz qilayotganini aytdi. Biz barcha ma'lumotlarni olib, yigitga qo‘ng‘iroq qilsak, o‘chgan. Kelinining telefoni ham o‘chgan. Ular bizdan 70-80 km uzoqlikdagi bir shaharda edi. O‘sha shahar politsiyasiga qo‘ng‘iroq qildik, manzilini berdik. Politsiya o‘z naryadini yuborsa, ularga ham eshikni ochishmagan.

Bu yoqda onaxon yig‘lab qo‘ng‘iroq qilyapti. O‘zim ham yetib bordim. Eshikni ochadigan maxsus mutaxassislarni chaqirdik, eshikni buzib kirsak, er-xotin hech narsadan xabari yo‘q, uxlab yotibdi.

Biz onangizning qistovi bilan keldik, desak, onasi bilan arazlashib qolgani va 2 haftadan buyon gaplashmayotgani, unga qo‘ng‘iroq qilmayotganini aytdi. Onaxonga vaziyatni tushuntirib, nega unday yo‘l tutganini so‘rasam, shunday demasam, borib xabar olmasdingiz, deydi. To‘ppa-to‘g‘ri, men bormasdim. Ammo biz va politsiya onaxonning murojaati bilan ovora bo‘lib turgan vaqtda, haqiqatdan ham yordamga muhtoj boshqa bir fuqaro qiyin ahvolga tushib qolishi mumkin-ku?! Qolaversa, politsiyaga boshqa haqiqiy holatda qo‘ng‘iroq qilsak, ular qanday baho berishi mumkin?

– Fariddin aka, ijtimoiy tarmoqlarda konsulliklar faoliyati xususida turli gap-so‘zlar yuradi. Shular qanchalik asosli?

– Bilasizmi, yuqorida aytganimdek, murojaatlar ko‘p. Yana bir gap bor. Ishini bitirgan, konsullikka bordim, ishimni tezda hal qilib berdi, deb hech qachon aytmaydi. Kimning ishi turli sabablarga bog‘liq bo‘lsa, bu sabablar esa, faqat bizga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas, u o‘zining murojaati hal bo‘lmayotgani haqida jar soladi.

Fuqarolar soni ko‘p bo‘lgani bois, murojaatlar soni ham ko‘p-ku. Statistikada hal bo‘lgan murojaatlar soniga qaralsa, hal bo‘lmaganlari juda kam. Tataristonda 1 mln.ga yaqin  o‘zbekistonlik bor. Rossiyada esa 7ta konsullik vatandoshlarga xizmat ko‘rsatadi.

Bosh konsul suhbat davomida murojaatlar mazmuniga ham e'tibor qaratdi.

– Fuqarolar har xil murojaat qiladi. Misol uchun, ular mendan moliyaviy yordam ber, deb so‘rashlari mumkin. «Ish bilan ta'minlab ber». Ayrim holatlarni so‘zlab beraman sizga. Shu yerdagi bir-ikki korxonada bizning fuqarolar ishlagan. Bu korxona maoshni vaqtida bermaydi, sharoitlari yaxshi emas. Biz bu kabi korxonalarning ro‘yxatini tuzib boramiz.

Xabar qilishdiki, 10 nafar atrofidagi fuqarolarimiz o‘sha korxonaga borib ishlamoqchi. Biz ularga chiqib, ushbu korxonada ishlamaslikni, ular o‘zbek mehnat migrantlarini aldagani, maoshni vaqtida bermasligini aytdik. Biroq fuqaro «qayerda ishlash mening ishim, xohlasam ishlayman, xohlamasam yo‘q, siz aralashmang», dedi. To‘g‘ri, biz uning qayerda ishlashiga aralasholmaymiz, balki tavsiya, maslahat bera olamiz.

Lekin, afsuski, 1,5 oydan keyin o‘sha 10 kishining 6 nafari bizga murojaat qilyapti, oylik maosh bermayotgani haqida. Bu korxona yaxshi emasligi haqida aytgan edim, desam, fuqaromiz, «oylikni olib berish sening ishing, sen ishingni qil», deyapti.

Albatta, men istasam-istamasam unga huquqiy yordam berishim kerak. Biroq fuqaro ham tushunishi kerakki, unga tavsiya berganimizda noto‘g‘ri maslahat bermaymiz. Chunki shu yerda ishlayapmiz. Fuqaro unga berilgan maslahatni to‘g‘ri qabul qilishni ham bilishi lozim.

– Mana shu kabi holatlarda fuqarolarimiz zimmasiga tushgan majburiyat deymizmi, vazifa nimadan iborat?

Yana bir jihat shuki, ish beruvchining oyligi past bo‘lsa, sharoitlari yaxshi bo‘lmasa, bizning fuqarolar o‘sha ishlarga bormasa, ular majbur bo‘ladi sharoitlarni yaxshilashga, maoshni ko‘tarishga. Hamma ishga boraversa, ish beruvchi sharoitni yaxshilashga urinib ko‘rmaydi ham. Biz shuni fuqarolarimizga tushuntirolmayapmiz. Fuqarolar shuni anglamayapti.

Yaqinda yana bir qiziq holat bo‘ldi. Bir fuqaromiz OAVga murojaat qilib, uni qamoqxonada noqonuniy ushlab turishganini aytdi. Ilova qilingan hujjatga ko‘ra, 2018 yilgi sud qaroriga muvofiq, firibgarlikda ayblangan bo‘lsa-da, yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani uchun ozod etilishi qayd etilgan. U murojaatiga o‘sha sud qarorini ilova qilgan. Uning ta'kidlashicha, «sud uni ozod qilish bo‘yicha qaror chiqargan, biroq uni qo‘yib yuborishmayapti, konsullik esa yordam bermayapti».

Biz holatni o‘rgandik. Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yilgi ish bo‘yicha u qo‘yib yuborilgan, biroq 2019 yilda unga nisbatan boshqa bir jinoiy ish ochilgan, ya'ni giyohvand mahsulotlarni tarqatish bilan shug‘ullanganiga doir. Murojaatida esa, umuman boshqa holatni ro‘kach qilgan. Ikkinchi ish bo‘yicha ham tergov jarayoni bilan tanishdik. Dalil-isbotlar bor. Birinchi ish bo‘yicha ham qilgan ishini tan oldi. Biroq, uning aytishicha, konsullik aralashsa, qo‘yib yuborishadi, deb o‘ylagan.

Shu bilan birga, u o‘zi saqlanib turilgan qamoqxonadan yaqinlari yashaydigan hududdagi qamoqxonaga o‘tkazib berishda amaliy yordam so‘radi. Ma'lum bo‘lishicha, buning ham ilojisi yo‘q ekan, chunki u Rossiyada noqonuniy bo‘lgan, ya'ni registratsiyasi bo‘lmagan. Bir qamoqxonadan ikkinchisiga o‘tkazishga qonuniy asos mavjud emasligini aytishdi. Men unga qo‘ng‘iroq qilib tushuntirsam, men sizdan noroziman, 2 marta ham mening murojaatimni hal qilmadingiz, ustingizdan shikoyat qilaman, oldimga kelib-ketishingizni talab qilaman, dedi.

Shu vaqtgacha, bir necha marotaba arz-shikoyatlar qildi. Bizning qo‘limizdan kelsa, shusiz ham hal qilib beramiz ishini, ammo qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni ham talab qilishadi.

Ko‘proq yangiliklar: