«Al-Quds sotilmaydi»: Mahmud Abbos Trampning «asr kelishuvi»ni rad etdi 

Jahon 10:40 / 29.01.2020 22001

Falastin prezidenti Mahmud Abbos AQSh tomonidan Isroil-Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha “asr kelishuvi” deb atalayotgan rejaga izoh berib, Al-Quds sotilmasligini aytdi.

“Asr kelishuvi” to‘g‘ri kelmaydi va xalqimiz uni tarixning chiqindi savatchasiga jo‘natadi”, deb aytgan Abbos. 

“Biz qulluq qilmaymiz va taslim bo‘lmaymiz... Biz yo‘q qilish bo‘yicha barcha rejalar oldida birdammiz. Biz “asr kelishuviga” “yo‘q, yo‘q, yo‘q” deb aytamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Abbos.

U AQSh bilan emas, balki Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT ishtirokidagi muzokaralarga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan.   

Abbos, shuningdek, Falastin o‘z davlatining 1967 yilgi chegaralar bilan tan olinishini talab qilgan. 

Avvalroq Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan birgalikda bergan matbuot anjumanida Vashington tomonidan taklif qilinayotgan “asr kelishuvi” shartlarini e'lon qilgandi.

Dastlab kelishuvga ko‘ra, poytaxti Sharqiy Al-Qudsda joylashadigan Falastin davlati tashkil etilishi ma'lum qilingan. Biroq keyinroq Netanyaxu Falastin poytaxti Al-Quds ortida, Abu-Dis shahrida joylashishini aytgan. 

Shuningdek, rejaga ko‘ra, falastinliklar o‘z hududidini 2 barobarga oshirishlari mumkin bo‘ladi, Abbos muzokaralarga rozi bo‘lsa, AQSh unga Falastin davlatini tashkil etishda yordam beradi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif AQSh rejasini “Yaqin Sharq va butun dunyo uchun dahshat” hamda “kasodga uchragan quruvchi uchun orzudagi loyiha” ekanini aytgan.

Reja bo‘yicha Qatar ham tanqidiy fikr bildirgan va tinchlikka erishish uchun “falastinliklarning 1967 yildagi chegaralar hisobga olingan mustaqil davlat tashkil etish huquqlariga amal qilinishi lozimligi”ni ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga Dohada AQShning arab-isroil mojarosi yechimini topishdagi sa'y-harakatlari qadrlanishi aytilgan. 

Saudiya Arabistoni ham AQShning “asr kelishuvini” yuqori baholab, tomonlarni Vashington vositachiligidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga chaqirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: