Koronavirus Xitoydan tashqarida ham odamdan odamga yuqa boshladi - Germaniya va Yaponiyada ilk holatlar qayd etildi

Jahon 16:40 / 28.01.2020 64715

Myunxendan unchalik uzoq bo‘lmagan hududda 33 yoshli bemor o‘tgan hafta Shanxaydan uchib kelgan xitoylik hamkasbi bilan ish joyida muloqot qilganidan keyin virusni yuqtirgan. Bavariya yeri hukumatining yuqumli kasalliklar bilan kurashish guruhi rahbari Andreas Tsapfning aytishicha, ayol Xitoydan qaytayotganda samolyotda salomatligida o‘zgarishlarni sezgan.

Bu Germaniya hududida koronavirus yuqishining birinchi holati bo‘ldi. Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tsapf vahimaga tushmaslikka chaqirdi va Germaniyada hozir gripp mavsumi ekanligini eslatdi. Bavariya yeri sog‘liqni saqlash vaziri Melani Humlning aytishicha, bemor «o‘zini yaxshi his qilmoqda». 

Shuningdek, Yaponiyada muqaddam Uxanda bo‘lmagan 60 yoshli erkak virusdan zararlangan. Taxminlarga ko‘ra, sayyohlik avtobusining haydovchisi bo‘lgan bu shaxs virusni uxanlik bir guruh sayyohlardan yuqtirgan. Yaponiya sog‘liqni saqlash vazirligi vakili buni tasdiqladi. 

Hongkong rahbari Kerri Lem matbuot anjumanida tibbiy niqob taqqan holda chiqish qilmoqda / Reuters

Ayni vaqtda Yaponiya Xitoydan tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha tekshiruvlarni joriy etdi.

Hongkong ham Xitoyning materikdagi qismi bilan aloqani to‘xtatgan - reyslar qabul qilinmayapti, temir yo‘l qatnovlari ham bekor qilingan. Bu haqda shahar rahbari Kerri Lem maxsus matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Ko‘plab davlatlarning hukumatlari Uxan va uning atrofidagi shaharlardan fuqarolarini evakuatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Ammo Xitoy hukumati karantin holatidagi shaharlardan odamlarni evakuatsiya qilishga rozilik bildirmoqchi emas.

AQShda uchta zararlanish holati ma'lum qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi - Illinoys, Vashington va Kaliforniya shtatlarida. 

Fransiyada seshanba kuni koronavirus uch kishida aniqlandi: ikki holat Parijda, bittasi mamlakatning janubi-g‘arbiy qismidagi Bordoda. Parijda kasalxonaga yotqizilganlar 18 yanvar kuni Fransiyaga kelgan xitoylik er-xotin ekanligi ma'lum. Xitoyning Fransiya vino sanoatida ishlaydigan 48 yoshli fuqarosi Bordo shahri kasalxonasiga joylashtirilgan. U Fransiyaga Uxandan uchib kelgandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusning yangi turi keltirib chiqargan pnevmoniyadan 106 kishi vafot etgan, shuningdek, 4500dan ortiq odam virusni yuqtirib olgan. Xitoydan tashqarida hozirgacha birorta ham o‘lim holati kuzatilmagan. 

  • Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 23 yanvar kuni koronavirusning yangi turi odamdan odamga yuqayotganini ma'lum qildi, ammo bu qanchalik faol sodir bo‘layotgani hozircha noma'lum. 
  • 27 yanvar kuni JSST koronavirusning global xavfini baholash bilan bog‘liq hujjatlarda xatoga yo‘l qo‘yilganini va u qayd etilganidek o‘rtacha emas, yuqori ekanini tan oldi.
  • Epidemiya sabab Xitoydagi umumiy aholisi 57 million kishiga teng 15ta shahar to‘liq yoki qisman yopilgan. Xitoy rahbari Si Tszinpin vaziyatni murakkab deb atagan, O‘zbekistonda ushbu virusning mamlakatga kirib kelmasligi uchun choralar ko‘rilmoqda.
Ko‘proq yangiliklar: