Xitoyda koronavirus avjga chiqishi davri ma'lum qilindi. Virus ko‘z shilliq pardasi orqali yuqishi mumkinligi aniqlandi

Jahon 21:53 / 28.01.2020 63301

Xitoyda tarqalgan yangi turdagi koronavirusning avjga chiqishi davri 7-10 kundan keyin yuz beradi. Biroq aholi o‘rtasida katta ko‘lamli kasallanish bo‘lmaydi. Bu haqda Xinhua nashriga intervyuda Xitoyning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasining maxsus komissiyasi rahbari, vrach-pulmonolog Chjun Nanshan ma'lum qildi.

“Epidemiyaning avjga chiqishi davri haqida bir narsa aytish qiyin. Biroq fikrimcha, bu bir hafta-10 kun ichida yuz beradi”, deb aytgan Nanshan.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, bugungi kunda koronavirusga chalinganlarni davolay oladigan yagona dori vositasi yo‘q, biroq shifokorlar uni yengish uchun bir nechta yechimni topishdi. “Bundan tashqari, bemorlarning hayotini ta'minlash texnologiyalari ancha yaxshilandi, o‘lim darajasi muqarrar pasayadi”, deb hisoblamoqda Nanshan.

Uning aytishicha, epidemiyani yengish uchun kasallikni erta bosqichlarda aniqlash va barcha bemorlarni izolyatsiya qilish lozim. “Bu ikkita oddiy, biroq shu bilan birga eng samarador choralardir”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis.

Bu orada xitoylik shifokorlar xavfli koronavirusning yangi xususiyatlarini aniqlashmoqda. Ular avval virus asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqishini aytgan bo‘lsalar, endi u ko‘z orqali yuqishi mumkinligi isbotlandi. 

Agarda virus qo‘l terisiga tushsa va u bilan ko‘z ishqalansa, virus ko‘z shilliq pardasi orqali organizmga tushadi. Shu sababli koronavirus chaqiruvchi yangi turdagi zotiljamdan vaksina yo‘qligi hisobga olinsa, virusdan himoyalanishda shaxsiy gigiyena va qo‘llarning tez-tez yuvib turilishiga katta e'tibor qaratmoq lozim. 

“Himoya niqobini taqib yurish, qo‘llarni yaxshilab yuvish lozim – bu virus tarqalishi va unga chalinish xavfini kamaytiradi”, deb ma'lum qilingan people.com.cn nashrida.

Avvalroq ta'kidlanganidek, koronavirus 14 kungacha davom etadigan inkubatsiya davrida ham yuqishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: