Uxan meri shahar aholisi oldida aybdorligini tan olish belgisi sifatida iste'foga chiqishini ma'lum qildi

Jahon 17:54 / 28.01.2020 10619

Uxan meri Chjou Syanvan shahar aholisi oldida aybdorligini tan olish belgisi sifatida iste'foga chiqmoqchi. U bu haqda Xitoy markaziy televideniyesiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

«Agarda bu virus tarqalishini to‘xtatishga yordam bersa, iste'foga chiqishni istardim va shu tarzda uzr so‘ragan bo‘lardim», - dedi koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan shahar meri. U shaharni yopib qo‘yish «darhaqiqat keskin chora» bo‘lganini aytdi.

«Aholisi 10 milliondan ortiq shaharga keladigan bo‘lsak, insoniyat tarixida birinchi marta ana shunday qaror qabul qilindi. Biz virus tarqalishini to‘xtatish uchun shaharni yopdik, ammo shu bilan tarixiy jihatdan yomon nomga ega bo‘ldik», dedi Chjou Syanvan.

Guvohlarning aytishlaricha, Uxandagi kasalxonalarda tibbiy tekshiruvdan o‘tishni istayotganlardan iborat ulkan navbatlar yuzaga kelgan. Oziq-ovqat, tibbiyot niqoblari yetishmasligi kuzatilmoqda. 

2019 yil 31 dekabrda Xitoyning Uxan shahrida noma'lum turga mansub pnevmoniya kasalligi paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Kasallikka chalinganlar dengiz mahsulotlari sotiladigan mahalliy bozorda ishlaydigan odamlar edi. 

7 yanvar kuni pnevmoniyani yangi 2019-nCoV koronavirusi keltirib chiqargani aniqlandi. 20 yanvarda shifokorlar virusning odamdan odamga yuqish xususiyatiga ega ekanligini ma'lum qildi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirusni yuqtirib olish oqibatida vafot etganlar soni 106 nafarga yetgan, virusdan zararlanganlar soni 4500 nafardan oshgan, yana 6973 kishi virusni yuqtirib olishda gumonlanmoqda. Shu vaqtgacha 60 kishi sog‘ayib, shifoxonadan chiqarilgan.

So‘nggi bir kun ichida 26ta o‘lim holati qayd etilgan, shundan 24 nafari Uxanda, 1 nafari Pekinda va yana bir nafari Xaynan provinsiyasida.

Xitoydan tashqari, Hongkong, Makao, Tayvan, Tailand, Yaponiya, Janubiy Koreya, AQSh, Kanada, Vetnam, Singapur, Nepal, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Kamboja va Germaniyada koronavirusga chalinish holatlari qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: