Toshkentda «Start-up»lar uchun biznes-inkubatorlar tashkil qilinadi

O‘zbekiston 14:40 / 28.01.2020 1553

28 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasi va Koreya Respublikasining xalqaro hamkorlik agentligi (KOIKA) o‘rtasida qiymati 5,5 million AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan "O‘zbekistonda biznes inkubatsiya tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish" loyihasini ishga tushirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Loyiha Koreyaning eng yaxshi tajribasini hisobga olgan holda, yangi ish boshlagan tadbirkorlarga o‘z biznes g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatish tizimini ishlab chiqishga qaratilgan.

Ushbu loyiha doirasida koreyalik mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ular bilan kelgusi 4 yil ichida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boriladi:

- Toshkent shahrida yangi ishbilarmonlarga o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirishda malakali mutaxassislardan amaliy yordam olishlari mumkin bo‘lgan namunali biznes-inkubatorni yaratish;

- boshlang‘ich tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda innovatsion biznes ekotizimini rivojlantirish sohasidagi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

- yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan tashkilotlarning (loyihalarning) institutsional rivojlanishiga ko‘maklashish;

- Koreya Respublikasida o‘quv amaliyotini tashkil etish orqali yoshlar va innovatsion biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi idora va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish; 

- o‘z biznesini tashkil etish va yuritish to‘g‘risidagi boshlang‘ich tadbirkorlar uchun barcha zarur ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan yaxlit axborot tizimini yaratish.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-25 noyabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida KOIKA agentligi ko‘magida O‘zbekistonda biznes inkubatsiya tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: