Tadbirlarda faol qatnashgan yoshlarga oliygohga kirish uchun tavsiyanomalar beriladi

O‘zbekiston 19:56 / 28.01.2020 4671

Bugun, 28 yanvar kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbariyati hamda san'at sohasida tahsil olayotgan yosh iste'dodlar o‘rtasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida san'atga kirib kelayotgan yoshlar uchun berilayotgan bir qator imtiyozlar xususida ma'lumot berildi.

“O‘zbekkonsert” rahbari Odiljon Abduqahhorovning qayd etishicha, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning bir necha shakllari joriy qilinmoqda.

“Jamiyatda o‘zini faol ko‘rsatayotgan, turli madaniy konsert tadbirlarida munosib ishtirok etayotgan, san'atimizni targ‘ib qilishda jonkuyarlik qilayotgan iste'dod egalari san'at va madaniyat oliygohlariga o‘qishga kirishlari uchun Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” tomonidan tavsiyanoma beriladi”, dedi u.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji bo‘lgan iste'dod egalarini uy-joy bilan ta'minlash uchun Madaniyat vazirligi hamda "O‘zbekkonsert"  muassasasi tomonidan tavsiyanomalar berilishi rejalashtirilgan.

Odiljon Abduqahhorovning qo‘shimcha qilishicha, yosh iste'dodlarni kashf qilish borasida o‘tkaziladigan turli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoshlarga 5 milliondan 20 million so‘mgacha miqdorda moddiy rag‘batlantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yosh iste'dodlarga litsenziya bepul berilishi xabar qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: