Rossiyadan vatandoshlar jasadini olib kelish: vaqt, xarajat va vositachilar haqida

O‘zbekiston 21:20 / 28.01.2020 67346

Maxluqotga jon ato etgan Zot unga o‘limni ham taqdir qilgan. Shunday ekan, inson qayerda bo‘lmasin, o‘lim sharpasi soya solib turadi. Achchiq haqiqat shuki, o‘lim bandaning vatandan yiroqdaligiga qarab, vataniga qaytib olsin, deb kutmaydi. Osmonda, yerda, musofirchilikda, muqimlikda o‘lim kelaveradi. O‘lim – bu dunyo hayotining mavjudlik qoidasi. Bu holat muhojirlarimizni ham chetlab o‘tmaydi.

Biroq, ayni shunday og‘ir musibatdan foydalangan holda, marhumning jasadini vatanga yuborishga falon miqdorda pul kerakligini e'lon qilib, xayriya o‘tkazayotganlar ham yo‘q emas. Chet ellarda vafot etgan o‘zbek mehnat muhojirlarining jasadlarini olib kelish xarajatlari davlat tomonidan, maxsus jamg‘arma hisobidan qoplanayotgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda jasadni yuborish uchun pul mablag‘lari yig‘ishga doir turli aksiyalar o‘tkazish hamon kuzatilmoqda.

Kun.uz tahririyatining Rossiyada bo‘lib qaytgan muxbiri O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘'mon Mansurov bilan muloqot qildi. Suhbat chog‘ida Rossiyada vafot etganlarni necha kun muddatda vatanga yuborish mumkinligi, uning qiymati va shu holat bilan bog‘liq boshqa jarayonlar haqida so‘z bordi.

«Inson yaqinini yo‘qotganda shokka tushib qoladi. Jasadni qanday qilib tezroq O‘zbekistonga yuborishni o‘ylaydi. Ular bizga murojaat qiladi. Lekin har kuni vafot etganlarni kuzatish ham oson ish emas.

Ammo shunda ham tushunmovchiliklar kuzatiladi. Buni o‘zimiz ham sezib turamiz. 1-2 kunda jo‘natib berolmasak, odamlar xafa bo‘ladi. Lekin buning ham o‘z rasmiy jarayonlari bor.

Shu imkoniyatdan foydalangan holda, sizlar orqali muhojirlarimizga, fuqarolarimizga murojaat qilmoqchiman. Agar shunday holat bo‘lib qolsa (Xudo ko‘rsatmasin, ilohim sog‘ bo‘laylik), hech qanday «posrednik»larga ishonishmasin. Mana biz – rasmiy idora bor. Bir so‘m pul kerak emas. Davlat rahbariyati tomonidan shunday imkoniyat taqdim etilmoqda. Biroq bizga ham yordam kerak. Ba'zida odamlar keladi, aka ilojini qilaylik, tezlashtiraylik, deb pul taklif qilmoqchi bo‘lishadi. Gap tezlikda emas, gap barchasini rasmiy qilishda.

Vafot etgan odamning hujjatida bitta harfi noto‘g‘ri bo‘lib qolsa, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari noto‘g‘ri tushunib qolsa, kelgusida ushbu jarayonlarni qiyinlashtiruvchi yangi talablar, qoidalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib qolish ehtimoldan yiroq emas.

Bunday bo‘lmasligi uchun bizga kelishsin. Bizga ishonishsin, bunday masalalarni hal qilib beramiz. Alhamdulillah, musulmonmiz, tushunamiz. Lekin, shoshilib qolib, aldanib qolishadi. Morgga, yukchiga va tergovchiga pul berishlari mumkin. Bu nazoratga tushib qolsa, yanada qiyinlashib ketishi ehtimoli yuqori», – deydi agentlikning Moskva vakolatxonasi rahbari Saidno‘'mon Mansurov.

Saidno‘'mon Mansurov

– Ijtimoiy tarmoqlar davrida yashayapmiz. Ko‘p ko‘zimiz tushadi, bir kishi smartfonda videoga olib, falon vatandoshimizning jasadini O‘zbekistonga yuborish uchun falon miqdorda pul kerak bo‘lyapti, deydi. Shunga izoh bering, nima bor buning ortida?

– Izoh bitta. Kimdir pul qilmoqchi, kimdir haqiqatda yordam bermoqchi. Biz shunday holatlarga duch keldikki, qandaydir jasadlarni bizdan bekitib yurishadi. Bugungi kungacha 275 o‘zbekistonlik jasadini agentlik yordamida vatanga yubordik. Shundan 235 fuqaro jasadini yuborish xarajatlari jamg‘armadan qoplangan. Qolganlarini yuborish xarajatlari yo ish beruvchi tomonidan, yoki yaqinlari tomonidan to‘langan.

Yana bir holat bor. Jasad yuborilgandan keyin ham pul so‘rash holatlari kuzatiladi. Buning uchun qanday odam bo‘lish kerak, bilmadim. Buni ochiq gapirish kerak, chunki bu – bor narsa. Biz bu haqda fuqarolarga aytamiz va hech bir hujjatga imzo qo‘ymaslikni so‘raymiz. Birgina imzo bilan javobgarlikni bilmagan holda o‘z zimmasiga olib qo‘yishi mumkin.

Biz ko‘chadagilarni muhokama qilmaymiz, aksincha, o‘lim holati sodir bo‘lsa, bizlarga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Jasadni O‘zbekistonga qaytarish uchun 24/7 tartibida ishlashga tayyormiz. Chunki bu nozik narsa. Uning jarayonlari bor.

Biz internet tarmoqlarida, siz aytganingizdek, pul to‘playotganlarni ham ko‘rmoqdamiz. Lekin men fuqarolarga murojaat qilmoqchiman. Shu kabi xayriya chiqishlarini ko‘rishganda, so‘rab ko‘rishsin, aniqlashsin nima bo‘layotganini. Agarda, pul qandaydir begona shaxsning (plastik) kartochkasiga o‘tkaziladigan bo‘lsa, demak ular firibgarlar (bo‘lishi mumkin). Agar oilasining kartochkasiga o‘tkaziladigan bo‘lsa, hozirgi kunda Rossiyadan O‘zbekiston banklarining kartochkalariga pul o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Internetda videoblogerlar bilan chiqib, shovqin ko‘tarish yordam bermaydi. Aksincha, rasmiy jarayonlarni qiyinlashtirish, ortga surishi mumkin.

– Issiq jon, hayot bor ekan, bunday holatlar ro‘y berib turadi. Keling, bir narsaga oydinlik kiritib ketaylik. Marhum vatanga yuborilishi uchun necha kun talab etiladi?

– Bunda ikki narsani ko‘rib chiqishimiz kerak. Agar fuqaro uyda vafot etgan bo‘lsa, tez yordam chaqiriladi, u inson vafotini tasdiqlaydi. Morg (o‘likxona)ga joylashtiriladi. Bu hodisa tushdan keyin bo‘lgan bo‘lsa, demak birinchi kun o‘tdi. Ertalab, tergovchi mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani yoki yo‘qligiga doir xulosa beradi. Bu xulosa jasadni olib chiqib ketish uchun o‘likxonaga taqdim etiladi.

Morgda o‘lim sababini aniqlash uchun jasad ochiladi. Keyin tibbiy ekspertiza xulosasini beradi. Shu xulosa – jasadni olib chiqib ketishdagi eng asosiy hujjat. Shu bilan ZAGS bo‘limiga boriladi. Bu yerda, 1,5-2 soatlik jarayon bor. Notarial tasdiqlangan pasport tarjimasi va ekspertiza xulosasiga asosan, fuqaroning vafot etganini tasdiqlovchi guvohnoma beriladi.

Ushbu guvohnoma bo‘lsagina, dafn marosimlarini o‘tkazuvchi kompaniyalarga murojaat qilish mumkin. Jasad aynan shunday kompaniya tomonidan morgdan olib ketiladi, hurmat bilan maxsus qutiga joylanib, (ruscha aytganda grob, tobut emas) payvandlaydi hamda aviakompaniyaning yuk bo‘limiga topshiriladi.

Shu o‘rinda biz jasadni qancha muddatda olib boramiz, degan savolga oydinlik kiritishni xohlar edim. Bu aviareyslar vaqti va hujjatlarning qanchalik tez rasmiylashtirilishiga bog‘liq. Moskvadan har kuni aviaqatnov bor, shu bois biz jasadni 2-3 kunda olib boryapmiz. Boshqa shaharlar va hududlar, masalan, marhum jasadi Komi respublikasi, Vladivostok, Xabarovsk, Saxalin kabi joylarda bo‘lsa, aviareyslar ko‘rib chiqiladi. Ayrim joylarga haftada bir marta aviareys amalga oshiriladi.

Aytaylik, reys chorshanbada, fuqaromiz esa shanba kuni vafot etgan. Dushanba kuni dafn marosimi kompaniyasining maxsus avtomobili boradi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, kamida 3 kunda jasadni vatanga yubora olamiz.

Ammo, shunday holatlar bo‘ladiki, inson yonib ketgan. Uning shaxsini aniqlash iloji yo‘q. Faqat DNK tahlili orqali aniqlash mumkin. Buning uchun tergovchilardan ruxsat, so‘ngra biror qarindoshi kelib, undan ham DNK tahlili olinishi kerak bo‘ladi. Shundan keyin, biz ariza asosida jasad falonchi fuqaroga tegishli ekanini tasdiqlab, hujjat qilamiz. Mana shunday vaziyatlarda vaqt cho‘ziladi – 1 oy, 3 oy, 6 oygacha cho‘zilgan holatlar ham bo‘ldi. Yaxshi niyat – yarim mol, deyiladi. Qo‘limizdan kelguncha harakatimizni qilyapmiz.

– Keling, Moskva sharoitidan kelib chiqaylik. Moskvadan jasadni O‘zbekistonga yuborish qanchaga tushyapti? Bu raqamni so‘rayotganimning sababi, yuqorida aytganimdek, odamlar xayriya uyushtirishyapti. Bunda qancha pul to‘plash yoki to‘lash kerak bo‘ladi?

– Hozirgi kunda Moskva shahri va uning atrofida 100 km masofada o‘zbekistonlik fuqaro jasadini vatanga yuborish 34 500 rublga (550 dollar atrofida) tushmoqda. Biz tender e'lon qildik, yuzga yaqin dafn qiluvchi kompaniyalarga xat yubordik. Har birining taklifini, vaqtini o‘rganib, aviaparvozni hisobga olganda, Moskvadan O‘zbekistonning istalgan shahriga shu narxda yetkaziladi.

– Yuqorida DNK tahlillari haqida gapirdingiz. Shu tahlillar orqali shaxsi aniqlanmagan holatlar bo‘lganmi?

– Bizda bir holat bo‘ldi. Ikki kishi yonib ketgan edi. Qo‘pol gapirganda, jasaddan 6-7 kg qolgan edi. Birinchi DNK tahlili tug‘ishgan opasini opa emas, deb ko‘rsatgan. Odamlarda turli savollar paydo bo‘ldi. Biroq, ikkinchi tahlil chuqurroq o‘tkazildi va 70 foizga qarindosh ekanligi tasdiqlandi.

Bunday holatlarda, albatta, hal qiluvchi qarorni Rossiya tergovchilari beradi, ularning xulosasi bilangina jasad O‘zbekistonga qaytariladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi manzili:

Moskva shahri, 1 kazachiy pereulok 11/2

Vakolatxona navbatchi telefoni: +79250454744

Ko‘proq yangiliklar: