Pensioner vafot etganida uning pensiyasini yaqinlari olishda davom etadigan tizimga o‘tilishi mumkin

O‘zbekiston 18:04 / 28.01.2020 72162

O‘zbekistonda amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolarning jamg‘arilgan yoshga doir pensiya mablag‘i berilishi u vafot etganda to‘xtatiladi. Xorij tajribasida esa fuqaroning yig‘ilgan pensiya mablag‘i uning vafotidan keyin qarindoshlariga meros bo‘lib qoladi.

Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat O‘taganov O‘zbekistonda bunday tizimning mavjud emasligiga izoh berdi.

«Haqiqatdan ham, xorij tajribasida bu amaliyot bor. Bizning qonunchiligimiz bo‘yicha, pensioner vafot etgandan keyin u tomonidan jamg‘arilgan mablag‘ yaqinlariga meros bo‘lib o‘tmaydi. Ya'ni, pensiya to‘lovi fuqaroning hayotlik davri uchun to‘lanadi.

Bizda fuqaro vafot etganda uning yaqinlariga faqat dafn nafaqasi to‘lanadi. Shuningdek, qonunning 63-moddasiga muvofiq [“Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonun – tahr], uning hayotlik davrida olinmay qolgan pensiya mablag‘i u bilan birga yashagan yaqinlariga to‘lab beriladi. Afsuski, bizda siz aytgan tajriba mavjud emas.

Siz pensiya olayotgan fuqaro bir paytda vafot etgan turmush o‘rtog‘ining ham yig‘ilgan pensiya pulini olishi haqida gapiryapsiz. Bizda boshqa bir amaliyot ham mavjud. Unga ko‘ra, fuqarolarga bir pensiya turini boshqasiga almashtirish imkoniyati taqdim etiladi.

Masalan, ma'lum bir fuqaro yoshga doir pensiyaning minimal miqdorini olib kelmoqda (hozirda yoshga doir pensiyaning minimal miqdori 436 150 so‘m). Uning turmush o‘rtog‘i vafot etdi. Vafot etgan fuqaro, aytaylik, 1,5 million so‘m pensiya olgan. Bunday paytda minimal miqdorda pensiya olayotgan fuqaro o‘z pensiyasini boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga almashtirishi mumkin. Bunda fuqaro oladigan pensiya miqdori keyingi oydan boshlab ko‘tarilishi mumkin. Bu, albatta, tegishli hisob-kitoblar bilan amalga oshiriladi, – dedi Shuhrat O‘taganov 28 yanvar kuni matbuot anjumanida.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, savol yuzasidan Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining birinchi o‘rinbosari Medet Tleuov ham fikr bildirgan.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi Pensiya konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan. Biz topshiriq bo‘yicha 2020 yilning 1 aprel sanasiga qadar ushbu konsepsiyani ishlab chiqishimiz kerak.

Hozirda yangi konsepsiya loyihasi uchun dunyoning rivojlangan davlatlaridagi pensiya to‘lash tizimi diqqat bilan o‘rganib chiqilmoqda.

O‘rganishlar natijasida tayyorlangan konsepsiya loyihasi belgilangan muddatda umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi. Loyihada, albatta, siz aytgan taklif ham bo‘ladi. Qaytaraman, yangi pensiya konsepsiyasida rivojlangan davlatlar tajribasi albatta aks etadi», – dedi Medet Tleuov.

Pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya va dafn etish uchun nafaqa to‘lashning amaldagi tartibi

«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunning 63-moddasiga asosan, pensioner olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta'minlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila a'zolariga to‘lanadi.

Lekin bu pulni marhum pensionerning ota-onasi yoki eri (xotini) ham, shuningdek pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila a'zolari ham olish huquqiga ega. Bunda ularning boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta'minlanadiganlar doirasiga kirish-kirmasligi ahamiyatsiz.

Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a'zolariga oyning u vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanadi. (Ya'ni pensioner oy boshida vafot etsa, o‘sha oy uchun uning yaqinlariga to‘lanadigan pensiya miqdori kamroq, oy oxirida bo‘lsa ko‘proq bo‘ladi)

Oilaning bir necha a'zosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Dafn etish nafaqasi esa pensiyani hisoblash bazaviy miqdori (1 fevraldan boshlab 238 610 so‘m)ning 4 barobari miqdorida (954 440 so‘m) belgilangan. Bu pulni marhum pensionerning oila a'zolari yoki dafn marosimini o‘tkazgan shaxs olishi mumkin.

Ko‘rsatib o‘tilgan pullar, ularni olish uchun pensioner vafot etganidan keyin 60 kun ichida murojaat etilgan taqdirda to‘lanadi.

Ko‘proq yangiliklar: