OAV: Gulnora Karimovaning Britaniyada kamida uchta uyi bor (foto)

O‘zbekiston 14:32 / 28.01.2020 144969

Ingliz matbuotida Gulnora Karimovaning Birlashgan Qirollikdagi ko‘chmas mulklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

The Times xabariga ko‘ra, Londonga tutash Surrey grafligidagi Gorse Hill Manor nomli yirik mol-mulk Karimova nomida. U mazkur hashamatli xonadonni 2010 yilda 18 mln funt sterling (23,5 mln dollar)ga sotib olgan.

Ko‘chmas mulkning hozirgi narxi 30 mln funt (39 mln dollar)ni tashkil etadi.

Daily Mail`ning qo‘shimcha qilishicha, Gorse Hill Manor 1912 yilda qurilgan bo‘lib, qayiqda sayr qilishga mo‘ljallangan ko‘l va 70 ming kv.m. maydonni egallagan bog‘larni ham o‘z ichiga oladi.

Karimovaning bu dang‘illama hovli-joyi yaqinida Bruney sultonining qasri ham joylashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti to‘ng‘ich qizining Londonda ikkita kvartirasi ham bor. Biri – Meyfer tumanida (narxi 8 mln funt), ikkinchisi esa Belgraviya tumanida (narxi 2 mln funt).

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil oktabr oyida Buyuk Britaniya hukumati Karimovaning qirollik hududidagi uchta ko‘chmas mulk obektini xatlash da’vosi bilan sudga murojaat qilgan, o‘shanda O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office) gap aynan qaysi mulklar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan edi.

2015 yildan buyon hibsda qolayotgan Karimova 2019 yil yozida O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, xalqdan kechirim so‘ragan edi.

2020 yil yanvaridan Toshkentda birinchi prezidentning qiziga oid navbatdagi jinoiy ish bo‘yicha sud ishi boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: