Qozog‘istonda O‘zbekiston tranzit poyezdlari bilan bog‘liq muammoli masalalar muhokama qilindi  

O‘zbekiston 20:52 / 27.01.2020 23837

2020 yil 24 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Sariog‘och shahar hokimiyatida «Yo‘lovchi tashish transporti» AJ va «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarining bir qator davlat organlari vakillari ishtirokida ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston Temir yo‘llari» AJ Axborot xizmati xabar qilmoqda. 

Xabarda ta'kidlanishicha, uchrashuvda, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 18-qo‘shma yig‘ilishi bayonnomasida belgilab berilgan ayrim vazifalar ijrosi xususida so‘z yuritilgan. Axborotda jumladan shunday deyiladi:

«Sir emaski, so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda temir yo‘l transportidan foydalanishda, ayniqsa davlatlar o‘rtasidagi chegara o‘tish punktlarida hamda yo‘l davomida migratsiya, chegara, bojxona xizmatlari, ichki ishlar kabi qator davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar, poyezdlarning davlat chegara o‘tish punktlarida uzoq muddat ushlab qolinishi kabi yo‘lovchilarning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan turli xil ma'lumotlar tarqaldi. Bundan tashqari yo‘lovchilar tomonidan tegishli tashkilotlarga bir qancha shikoyat va murojaatlar ham kelib tushmoqda. 

O‘tkazilgan ishchi guruhining yig‘ilishda ushbu masalalarga alohida e'tibor qaratildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” Aksiyadorlik jamiyatiga qarashli yo‘lovchi poyezdlarining Qozog‘iston Respublikasi xududidan hamda Qozog‘istonning “Yo‘lovchi tashish transporti” Aksiyadorlik jamiyatiga qarashli yo‘lovchi poyezdlarining O‘zbekiston xududidan o‘tishida har ikkala davlat migratsiya, bojxona , chegara xizmati, ichki ishlar organlari vakillari ishtirokida qo‘shma monitoring o‘tkazish borasida fikrlashib olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat chegara stansiyalarida bojxona, chegara xizmatlari nazorati jarayonlarini tezlashtirish, migratsiya, ichki ishlar organlari kabi tashkilotlar tomonidan yo‘l davomida yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshirish kabi holatlarni kamaytirish, bundan tashqari, ikkala davlat qonunchiligidan kelib chiqib, poyezd ichida yo‘lovchilarga davlat chegaralaridan o‘tishda nimalarga e'tibor qaratishlari hamda zurur hujjatlar haqida ko‘proq ma'lumotlar berishni, tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda yo‘lovchilardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish, ularni tegishli davlat organlariga yuborib kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish, shuningdek, sohaga oid boshqa bir qator masalalar muhokama qilindi», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini 2020 yilning bahor oylarida Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olingan. 

Eslatib o‘tamiz, 8 yanvar kuni Kun.uz sayti «Qozog‘istonlik ayrim chegarachilarning «hurmati juz-juz»mi? Rossiyaga safar sarguzashtlari» nomli maqolani e'lon qilgan edi.  

Unda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli xalqaro yo‘nalishda qatnovchi poyezd tarkibi Qozog‘iston tranzit hududidan o‘tishida kuzatiladigan muammolar haqidagi turli xabarlarga oydinlik kiritilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: