Koronaviruslar qayerdan paydo bo‘ladi va ular nega bunchalik xavfli?

Jahon 17:30 / 27.01.2020 106935

Shu kunlarda Xitoyda tarqalayotgan virus shifokorlarga avvaldan ma'lum bo‘lgan.

U koronaviruslar oilasiga mansub bo‘lib, bunday viruslar avval ham bir necha marta xavfli kasalliklarni keltirib chiqargan - masalan, 2003 yildagi o‘tkir respirator sindromi (Sars), 2012 yildagi Yaqin Sharq respirator sindromi (Mers). Birinchi virus uni yuqtirib olganlarning  9 foizini hayotdan olib ketgan, ikkinchi epidemiya vaqtida bemorlarning 35 foizi  vafot etgan.

Quyida bunday viruslar nega kutilmaganda tarqalishi va ular nega bu qadar xavfliligi haqida so‘z yuritiladi.

Xavfli koronaviruslar qayerdan paydo bo‘ladi?

Sars, Mers va 2019-nCoV koronaviruslari tarqalishi avj olishida virus tashuvchilar odamlar emas, jonivorlar bo‘ladi. Hayvonlar inson uchun xavfli bo‘lgan juda ko‘p viruslarni tashuvchi hisoblanadi, lekin xayriyatki hayvondan insonga virus yuqishi kamdan-kam hollarda kuzatiladi.

«Turlar farqi degan to‘siq mavjud va shu tufayli virus yuqmaydi. Ammo kimningdir immuniteti juda kuchsizlik qilganida yoki virus hayvondan odamga o‘tishiga sharoit bo‘lgan boshqa omillar mavjud bo‘lganida kamdan-kam kuzatiladigan infeksiya holati yuz berishi mumkin», - deydi Varvik universitetidan bo‘lgan Endryu Iston.

Odatda xavf virusning noodatiy mutatsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

«Qoidaga ko‘ra, o‘zi uchun yangi, g‘ayrioddiy muhitda yashab ketishi uchun muayyan darajada o‘zgarishi kerak bo‘ladi», - deydi olim.

Koronavirus odamga yuqqan kamdan-kam hollarda vaziyat keskinlashishi mumkin.

Qayd etish kerakki, barcha koronaviruslar ham juda xavfli emas: inson ahyon-ahyonda uning agressiv ko‘rinishlariga duch keladi. Ammo bir turdan boshqasiga o‘tgan virus katta xavf tug‘dirishi mumkin.

«Turlararo» koronaviruslar inson uchun nega bunchalik xavfli?

«Qachonki virus bir turdan boshqasiga o‘tganida voqealar rivoji qanday kechishini bilib bo‘lmaydi. Virus begona muhitda joylashib olsa, yanada kuchayishi mumkin», - deydi Endryu Iston.

Gap shundaki, virus bexosdan hayvondan insonga o‘tganida, insonning immun tizimi bu virusga qarshi kurashishga tayyor bo‘lmaydi, chunki avval bu virusga to‘qnashmagan bo‘ladi. Bunday virus qarshisida inson ojiz qoladi.

Gripp virusi bir turdan boshqasiga o‘tgan holatlarda ham shunday muammo kuzatiladi.

Uxanda bo‘lganlarning barchasi virusga tekshiriladi / AFP

Eng xavfli gripp pandemiyasi 1918-19 yillarda ro‘y bergan. O‘shanda gripp qushlardan yuqtirilgan, deb hisoblanadi. O‘shanda «ispanka» qurbonlari soni 50 mln kishini tashkil etgandi.

Hozirgi koronavirus bunday og‘ir epidemiya keltirib chiqarishi haqida aniq dalillar yo‘q, ammo virus jonivordan odamga o‘tgan avvalgi holatlarning oqibatlari shifokorlarni xavotirga solib qo‘ygan.

Koronavirus juda tez tarqaladimi?

Yaxshi xabar shundaki, virus hayvondan insonga o‘tganidan keyingi dastlabki davrda odamdan odamga tez tarqalmaydi. «Bu virus uchun yana bir to‘siq», deydi Endryu Iston.

Ammo birinchi bosqichdan o‘tib olganidan keyin virus tez tarqala boshlaydi va agar bu ro‘y bersa vaziyat juda jiddiylashib ketadi.

Koronavirus tashqi ko‘rinishidan tojni eslatgani uchun nomi ispanchadagi «corona» so‘zidan olingan / MAGNUM PHOTOS

«Viruslar, shu jumladan koronaviruslar, juda yuqori tezlikda mutatsiya bo‘ladi», deya qayd etgan olim.

Mutatsiya virusga odamlar o‘rtasida juda keng tarqalishga imkon beradi - bu qisqa muddat ichida katta hududni epidemiya qamrab olishi mumkinligini anglatadi.

Xitoyda paydo bo‘lgan virus ham mutatsiyaga uchradi va endi bor e'tiborni uning tarqalishi oldini olishga qaratish kerak.

Hozirgi virus mutatsiyaga uchragan va endi odamdan odamga o‘tadi / GETTY IMAGES

«Agar virus immuniteti kuchsiz odamni zararlasa, bu odam yanada kuchsizlanadi. Shu bilan birgalikda, sog‘lom odam unga qarshi kurasha olishi mumkin. Ba'zi viruslar juda tezlik bilan, ba'zilari esa sekinlik bilan yuqadi. Hozirda ochiq turgan savollardan biri - bu yangi koronavirus qaysi tipga kirishini aniqlashdir», - deydi professor Iston.

Virus tarqalayotganda nima qilish kerak?

Yomon xabar shuki, virus tarqalishini hamisha ham dori vositalari bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. «Virusga qarshi samarali preparatlar juda kam», - deya ogohlantiradi ekspert.

Qator oddiy va shu bilan birgalikda samarali bo‘lgan choralar ham bor - qo‘lni hamisha sovunda yuvib yurish va tibbiy niqoblardan foydalanish.

Oddiy gigiyenik choralar koronavirus tarqalishida samarali bo‘lishi mumkin / AFP

«Gigiyenaning asosiy qoidalariga rioya etish juda foydalidir. Bu qoidalar o‘zimizni va boshqalarni ko‘plab kasalliklardan asrashga yordam beradi, ayni vaqtda bu arzon va samarali kurash vositasi, hozircha bu virusga qarshi vaksina yo‘q», - deydi olim.

Virusni yuqtirganlarni qanday davolash juda muhim.

Yo‘lovchilarni tekshirish uchun maxsus teplovizorlardan foydalaniladi / AFP

«Yana bir muhim jihat - infeksiyadan zararlangan odamlarni tezda aniqlash va ular boshqalarga virusni yuqtirmasligi uchun harakat qilish. Bu virus tarqalishining oldini olishga yordam beradi», - deydi Endryu Iston.

Sars va Mers koronaviruslari paydo bo‘lganida ularning tarqalishining oldini olish uchun o‘z vaqtida xalqaro miqyosda ta'sir mexanizmlari ishlab chiqilgandi.

«Biz bunday holatlarga avval ham bir necha bor duch kelganmiz, endi esa tezroq qaror qabul qilish kerak», - deydi Endryu Iston.

Shifokorlar oldingi koronaviruslar tarqalgan vaqtda orttirilgan tajribalar va xulosalar hozirgi virusga qarshi chora qo‘llashda qo‘l kelishiga umid qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: