Kambojada koronavirusdan zararlanishning ilk holati qayd etildi

Jahon 18:54 / 27.01.2020 10541

Kamboja sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududida koronavirusga chalinishning ilk holatini tasdiqladi. VoaCambodia xabariga ko‘ra, vazir Mam Bunxen Sianukvileda yashovchi, yaqinda Uxandan kelgan Xitoy fuqarosi virusni yuqtirib olganini e'lon qilgan.

U va uning uch nafar yaqin qarindoshi shifoxonaga yotqizilgan. Uning oila a'zolarida virus aniqlanmagan. Lekin ular hozircha shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Xitoy hukumati 27 yanvar kuni bergan so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, yangi koronavirusdan zararlanganlar soni 2794 nafarga yetgan, yana 3800 nafardan ortiq kishi virus yuqtirganlikda gumon qilinmoqda. Halok bo‘lganlar soni 81 nafar, virusdan zararlanganlarning 50 nafardan ortig‘i sog‘ayib ketgan.

Xitoydan tashqari, Tayvan, Makao va Hongkongda ham, shuningdek, Tailand, Avstraliya, Singapur, Yaponiya, AQSh, Malayziya, Fransiya, Vetnam va Nepalda ham virusga chalingan bemorlar qayd etilgan.

Infeksiya manbai Uxan shahri bo‘lib, virusga ilk chalinganlarning barchasi mahalliy dengiz mahsulotlari bozorida bo‘lishgan. Bozor virus tarqala boshlagan vaqtdayoq yopib qo‘yilgan. O‘tgan haftada hukumat Uxan shahrini tashqi dunyo uchun yopib qo‘ydi, shahar bilan transport aloqalari uzilib qoldi. Ammo, amaldorlarning ma'lumotlariga ko‘ra, bu choralar qo‘llanishidan oldin shaharni 5 million kishi tark etib bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: