«Epidemik vaziyat xavotirli tus olmoqda» - Sog‘liqni saqlash vaziri xorijga chiqmaslikni tavsiya qildi

O‘zbekiston 12:00 / 27.01.2020 64741

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekiston fuqarolariga Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilmoqda.

«Koronavirus bo‘yicha yuzaga kelgan murakkab epidemik vaziyat dunyo miqyosida xavotirli tus olmoqda. Rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand, Vetnam, Singapur, Tayvan, Fransiya va AQShda ham ushbu virus aniqlangan.

Ushbu epidemik vaziyatga qarshi yurtimizga kerakli barcha choralar ko‘rilmoqda. Xususan, havo, avtomobil va temir yo‘l transporti obektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati kuchaytirilmoqda. Xitoydan qaytayotgan fuqarolarga tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Ammo bu xavfsizlikni to‘liq kafolatlaydi, degani emas. Negaki, koronavirus infeksiyasi havo tomchilari orqali o‘tishi, insondan insonga yuqishi, shuningdek, kasallikning yashirin davri 1–14 kungacha kechishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois fuqarolarimizdan Xitoyga, zarurat bo‘lmaganda, boshqa xorijiy davlatlarga ham vaqtinchalik bormaslikni tavsiya qilaman», – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Ayni vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyalari hamda hududlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlariga murakkab epidemik vaziyat bo‘yicha hushyorlikni oshirish chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida topshiriqlar berilgan.

«Qayd etish joizki, mamlakatimizda mavsumiy gripp kasalligi va koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tizimli ravishda epidemik nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda respublikamizda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorligi kuzatilmoqda. Xitoydan va boshqa chet davlatlardan ushbu infeksiyaning kirib kelish holatlari qayd etilmadi. Yurtimizda epidemik vaziyat barqarorligini ta'minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muayyan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, unga asosan, vazirlik va hududlarda sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda shtablar tashkil etilgan.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar uchun Virusologiya ilmiy tekshirish va Emidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutlari klinikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining yuqumli kasalliklar shifoxonalarida maxsus boks palatalari, ular uchun tegishli dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyalari hamda hududlardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlariga chet davlatlarda kuzatilayotgan koronavirusning yangi turi bilan bog‘liq murakkab epidemik vaziyat bo‘yicha hushyorlikni oshirish va bu kasallikning respublika hududiga kirib kelishining oldini olish borasida chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida tavsiya va topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorlashgunga qadar zarurat bo‘lmagan hollarda Xitoyga o‘zbekistonlik sayyohlarni yubormaslik to‘g‘risida ham tavsiya berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 80 nafardan, kasallanganlar soni esa 2400 nafardan oshgan. Xubey provinsiyasi va uning ma'muriy markazi Uxan shahrida zararlanishning eng ko‘p holati qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: