TIV o‘zbekistonlik migrantlarning sharoitini yaxshilash bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib borayotgani ma'lum qilindi

O‘zbekiston 23:07 / 26.01.2020 15123

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti birinchi kotibi Rustam G‘oziyev 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya OAVda tarqalgan O‘zbekiston hukumati Rossiyadan mehnat muhojirlariga nisbatan amnistiya so‘ragani haqidagi xabarga izoh berdi.

“Haqiqatan ham O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi migrantlarimiz uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda. Rossiyalik hamkasblarimizga bir nechta takliflarni taqdim etganmiz, ayni paytda ular ko‘rib chiqilmoqda”, deydi TIV mas'ul xodimi.

Rustam G‘oziyev Rossiya hududida migratsiya qonunchiligini buzgani uchun deportatsiya qilingani sababli endilikda ushbu mamlakatga kirolmayotgan migrantlarni amnistiya qilish masalasi ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari muzokaralar kun tartibidan o‘rin olgan-olmagani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirdi. Biroq uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning sharoitlarini yaxshilashga harakat qilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi mutaxassis, shuningdek, Rossiyaga ishlashga borayotgan o‘zbekistonliklarni ro‘yxatga olish muddati uzaytirilishi ehtimoli xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Ommaviy axborot vositalarida Rossiyaga O‘zbekistondan boruvchi mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olish muddatini 7 kundan 15 kungacha uzaytirilishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan. Men Konsullik-huquqiy departamenti vakili sifatida bu haqda aniq axborotga ega emasman. Chunki Tashqi ishlar vazirligida bu masala bilan boshqa bir tuzilma – Shartnomaviy-huquqiy departament shug‘ullanadi”, deydi Rustam G‘oziyev.

Eslatib o‘tamiz, “Kommersant'” nashriga ko‘ra, O‘zbekistonning bir necha yuz ming fuqarosi Rossiyaga kira olmayapti, chunki ular avval migratsiya qonunchiligini buzgan. Rossiyaga keyinchalik qayta kirishga yo‘l qo‘yilmaydi deb, hududni tark etishga qo‘rqib turgan xuddi shuncha qonunbuzar bor.

Ko‘proq yangiliklar: