Prezidentning parlamentga murojaati, Rossiyaning yangilangan hukumati, og‘ir ahvolda qolgan Xitoy va haftaning boshqa xabarlari

O‘zbekiston 21:45 / 26.01.2020 36219

Yakunlangan hafta O‘zbekiston hayotida qizg‘in kechdi. Avvaliga 20 yanvar kuni prezident ishtirokida Qonunchilik palatasida va Senatda alohida yig‘ilish o‘tkazildi, 21 yanvar kuni palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, 24 yanvar kuni esa prezident an'anaviy ravishda parlamentga murojaat yo‘lladi.

Prezident yangilangan Senatning ilk yalpi majlisida YeOIIga a'zolik haqida gapirdi, quyi bo‘g‘inni tanqid qildi, «Narxoz» universitetining sobiq rahbariyatini noxush kayfiyatda esladi, Qonunchilik palatasidagi yig‘ilishda esa, jurnalistlarni yoqtirishini aytdi, bir necha deputatni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatdi, tashqaridagi muxolifatga ruxsat bermasligini yana bir bor ta'kidladi, boshqa deputatlarga dadil bo‘lishni tavsiya qildi, kerak bo‘lsa vazirlarni ishdan olishga takliflar berishni so‘radi va o‘zi uchun taklif qilingan unvonni rad qilib, «Eng katta unvon — xalq ishonchi» ekanini ma'lum qildi.

21 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida chiqish qilgan prezident qog‘ozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi o‘ringa tushirib qo‘ygan rahbarlar bilan xayrlashilishi, aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa bo‘lishi haqida gapirdi, rahbarlarga qotgan non yeyishsa ham odamlarga o‘rnak bo‘lishni tavsiya qildi va mamlakatdagi boshqa muammolar haqida aytib o‘tdi. Shu yig‘ilishda Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga tasdiqlandi. O‘zbekiston hukumatiga YaIM hajmini 100 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

24 yanvar kuni esa uzoq kutilgan parlamentga murojaatnomasi bo‘lib o‘tdi.

Prezident 2020 yilni — Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qildi.

Yaqin ikki yilda barcha qishloq va mahallalar tezkor internet bilan ta'minlanishi ma'lum qilindi.

Ta'lim haqida:

  • maktab bitiruvchilarining oliy ta'limga qamrovi 25 foizdan 50−60 foizga yetkaziladi;
  • OTM davlat granti asosida qabul ikki barobar oshiriladi, shuningdek, qizlar uchun alohida davlat grantlari joriy etiladi;
  • o‘qishga kirish soddalashtiriladi;
  • ona tili bo‘yicha bilimlarni baholashning milliy test tizimi paydo bo‘ladi;
  • mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar soni ikki baravarga kamayadi;
  • oliy ta'lim o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi joriy etiladi;
  • pedagogik ta'limning 6ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil etib belgilanadi;
  • 10ta OTM o‘zini-o‘zi moliyalash tizimiga o‘tib, kamida 5ta OTM transformatsiya qilinadi.

Propiska haqida
«Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud. Buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir. Shu bois, parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim», dedi prezident.

Kambg‘allik haqida
O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda kam ta'minlangan aholi soni 12−15 foizni (4,5−5 mln kishi) tashkil etadi. Oxirgi 2 yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobarga ko‘paydi, nafaqalar miqdori 2 barobarga oshdi.

Lekin kam ta'minlangan aholiga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish orqali ushbu muammo to‘liq yechilmaydi. Shuning uchun Jahon banki, BMTning Taraqqiyot Dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birga O‘zbekistonda Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi.

Bank tizimi islohoti haqida

Bank tizimini rivojlantirish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilishi kerak. Bank tizimi raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha 10-15 yil ortda qolmoqda. Davlat banklari bosqichma-bosqich xalqaro investorlarga sotiladi. Joriy yilda Milliybank va Ipoteka-bank ham o‘z yevrobondlarini chiqaradi. Kredit tarixi axborot tizimi to‘liq ishga tushiriladi. Hech kim — na Vazirlar Mahkamasi, na hokimiyat bank ishiga aralashishi kerak emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomada davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotilishi hamda soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida, Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda to‘liq qayta tashkil etilishini ma'lum qildi.

O‘zbekistonda Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sug‘urta xizmatlari joriy qilinadi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi. Ko‘p ilg‘or davlatlarda (Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya va boshqalar) Eksimbanklar faoliyat ko‘rsatishadi. Ularning asosiy vazifasi – eksport qiluvchi korxonalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish. Xuddi shunday tashkil qilinayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi eksportyorlarning xarajatlarini qisman qoplash yoki eksport shartnomalarida kafil sifatida ishtirok etadi. Eksport kredit agentligi esa eksport va eksportoldi jarayonlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Telegramdagi bakiroo kanali muallifi prezidentning banklar haqidagi gaplariga munosabat bildirdi.

«Prezident Murojaatnomada hech kim, na Vazirlar Mahkamasi, na hokimiyat bank ishiga aralashishi kerak emas, demoqda.

To‘ppa-to‘g‘ri. Bu talab «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunda ham, keyingi yillarda qabul qilingan qator Prezident qarorlari, farmonlarida ham yozib qo‘yilgan. O‘zimiz belgilagan qoidalarga o‘zimiz amal qilsak kifoya. Shunisiga kelganda esa judayam qiynalamiz», deya yozadi u.

Yana bir bor YeOII haqida

«Bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishi bo‘yicha masalalar o‘rganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas'uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak. Vazirlar Mahkamasi ushbu yo‘nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz», dedi prezident.

Telegramdagi davletovuz kanali muallifi prezidentning parlamentga murojaatidagi alohida jihatlarga e'tibor qaratdi.

Birinchidan, rostini aytish kerak, murojaat mazmunli, mantiqli tayyorlangan hamda odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarga davlatning yondashuvini aniq-tiniq ko‘rsatib beradi. Ya'ni odamlarning muammolari, rus tilida aytganda, “tochechnyy” emas, balki tizimli yondashuv asosida hal qilinadi. “Kolxozcha” yondashuvlar, nazarimizda, ortga chekingan. Populistik va'dalar juda kam — bori ham bir necha shaxsning manfaatlariga emas, balki umummilliy manfaatlarga (ta'lim) qaratilgan. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan g‘oya shu negizda olingan bo‘lsa kerak. Yana bir masala: butun murojaat mantiqan bog‘langan va bitta liniyani ushlaydi. 

Ikkinchidan, murojaat yangi O‘zbekiston qaysi yo‘ldan borishi bo‘yicha yana bir marta oliy darajada eslatilayapti. Oxirgi saylovlar va boshqa voqealar fonida yuzaga kelgan shubhalarga qat'iy javob berish maqsad qilingan. Demokratik rivojlanish yo‘lidan qaytilmasligi, korrupsiyaga qarshi kurash dolzarbligini yo‘qotmasligi, ochiq bozor va integratsiya — garchi juz'iy aks xatti-harakatlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da — doimiy ravishda ta'kidlanishi xalqaro hamjamiyat uchun yaxshi signal.

Uchinchidan, hali ham siyosiy islohotlarga boshqa sohalardagi islohotlar konteksida qaralayapti. Ya'ni yil nomiga monand ravishda avval hayot-mamot masalasi bo‘lgan ta'lim, so‘ng iqtisodiy islohotlarga ustuvorlik berilmoqda. Qiziq tarafi, ta'lim islohotlari yil nomi munosabati bilan birlamchi bo‘ldimi yoki haqiqatan ham, ta'lim O‘zbekistonni rivojlantirishning asosi sifatida qaraldimi  — vaqt ko‘rsatadi. Ta'lim tizimini isloh qilish bo‘yicha progressiv chora-tadbirlar taklif etildi. Muhimi ham shu.

To‘rtinchidan, joriy yilgi murojaatda qisqa muddatli ta'sirga ega bo‘lgan, bir martalik, ayniqsa, fuqarolar va tadbirkorlar uchun imkoniyatlar tengligiga rahna soladigan chora-tadbirlar kamligi ko‘zga tashlanadi. Bo‘lar-bo‘lmas imtiyozlar berilishi haqidagi gap-so‘zlar qariyb uchramadi. Imtiyozlarning aksariyati subsidiya va boshqa instrumentlar bilan almashtirilgan. Davlatning ijtimoiy funksiyasi maqsadli moliyalashtirish asosida bajariladigan bo‘layapti. 

Beshinchidan, O‘zbekistonning oldida turgan eng dolzarb vazifa — qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha eski yondoshuvlar o‘zini oqlamagani yangi takliflar asosida tan olingan. Agrar tarmoqni isloh qilish bo‘yicha yagona to‘xtamga kelingan. Bu bozor talabi, davlatning chekkaga chiqishi va samarali menejmentni joriy qilish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning yangilangan hukumati

21 yanvar kuni amaldagi bosh vazir Abdulla Aripov nomzodi Qonunchilik palatasi va Senatning qarorlari bilan bosh vazirlik lavozimiga tasdiqlangandi.

24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zolarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov lavozimini saqlab qolgan, bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bo‘lgan Elyor G‘aniyev Transport vaziri lavozimiga o‘tkazilgan (avval bu vazirlikka ham Ochilboy Ramatov mas'ul edi, endi G‘aniyev bosh vazir o‘rinbosari emas), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tugatilgan (unga Abdulaziz Oqqulov rahbarlik qilib kelayotgandi), yangi lavozim – Bosh vazirning o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etilib, uning rahbarligini Aziz Abduhakimov egallagan, Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova lavozimini saqlab qolishgan. 

Bundan tashqari, yana ikki lavozim joriy etilgan - Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda Bosh vazirning ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari. Hozircha bu lavozimlar bo‘sh qolmoqda.

O‘z navbatida, 22 vazirlikning 20tasida avvalgi vazirlar lavozimlariga qayta tasdiqlangan, qolgan 10ta qo‘mita rahbariyatida ham o‘zgarishlar yo‘q, prezident farmoni bilan senator etib tayinlangan Baxtiyor Sayfullayev o‘rniga Ozodbek Nazarbekov tayinlangan, prezident farmoni bilan senator etib tayinlangan Tursinxan Xudaybergenov o‘rnini Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida kim egallashi hozircha noma'lum.

Rossiyada yangi hukumat

22 yanvar kuni Rossiyaning yangi bosh vaziri Mixail Mishustin prezident Vladimir Putinga yangi hukumatni taqdim etdi.

Yangilangan Vazirlar Mahkamasida avvalgi 10 nafar o‘rniga 9 nafar bosh vazir o‘rinbosari bo‘ladi. Ulardan uch nafari — Tatyana Golikova, Yuriy Borisov va Yuriy Trutnev o‘z lavozimlarini saqlab qolgan. Yana oltitasi esa yangi kadrlar: Aleksey Overchuk (Federal Soliq xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari), Viktoriya Abramchenko (Rosreyestrning sobiq rahbari), Dmitriy Chernishenko (Gazprom Media sobiq bosh direktori), Dmitriy Grigorenko (Federal Soliq xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari), Marat Xusnullin (Moskva merining sobiq o‘rinbosari). Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa ilgari prezident yordamchisi bo‘lib ishlagan Andrey Belousov tayinlandi.

Shimoliy Kavkaz ishlari vazirligi tugatildi, qolgan 21ta idoradan 9tasida rahbarlar almashtirildi.

  • Maksim Oreshkin o‘rniga Iqtisodiy rivojlanish vazirligini ilgari Perm o‘lkasi gubernatori bo‘lgan Maksim Reshetnikov boshqaradi.
  • Roszdravnadzorning sobiq rahbari Mixail Murashko sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi, bu vazirlikni avval Veronika Skvorsova boshqargan.
  • Vladimir Medinskiy o‘rniga Madaniyat vazirligini Madaniyat vazirligining kinematografiya departamentining sobiq rahbari Olga Lyubimova boshqaradi.
  • «Rostelekom» vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Maksut Shadayev raqamli rivojlanish, telekommunikatsiyalar va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri lavozimiga tayinlandi, bu lavozimda shu vaqtgacha Konstantin Noskov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
  • Maksim Topilinning o‘rniga moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Anton Kotyakov mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri bo‘ldi.
  • Ma'rifat vazirligini Rosobrnadzorning sobiq rahbari Sergey Kravsov boshqaradi, ilgari bu lavozimda Olga Vasileva ishlagan.
  • Rossiya fan va oliy ta'lim vaziri lavozimiga Mixail Kotyukov o‘rniga Tyumen davlat universiteti rektori Valeriy Falkov tayinlandi.
  • Sport vaziri lavozimiga Talabalar sporti federatsiyasining prezidenti Oleg Matitsin Pavel Kolobkov o‘rniga tayinlandi.
  • Adliya vazirligida Aleksandr Konovalov o‘rniga Konstantin Chuychenko rahbar bo‘ldi. Adliya vazirligining yangi rahbari avvalroq hukumat apparatini boshqargan.

Qolgan 12 vazir o‘z lavozimlarini saqlab qoldi, ular orasida Mudofaa vaziri — Sergey Shoygu, Ichki ishlar vaziri —  Vladimir Kolokolsev, Tashqi ishlar vaziri — Sergey Lavrov, Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Transport vaziri — Evgeniy Ditrix, Energetika vaziri — Aleksandr Novak, Qishloq xo‘jaligi vaziri — Dmitriy Patrushev.

Xitoydagi o‘lim virusi

Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyoda yangi koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya tarqalishi davom etmoqda. Xitoy hukumati bu virus epidemiyaga aylanib ketmasligi uchun zarur choralarni qo‘llamoqda: katta-katta shaharlar tashqi dunyodan uzib yopib qo‘yilgan, aviareyslar va temir yo‘l poyezdlari qatnovlari to‘xtatilgan, yangi yil tadbirlari bekor qilingan, barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun safarbar qilingan. Lekin 25 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin davlat telekanallari orqali mamlakat og‘ir ahvolda ekanligini aytdi.

«Biz xavfli vaziyatga duch keldik, yangi koronavirusning tarqalishi tezlashmoqda. Biz kasallikka qarshi kurashni va ularning oldini olishni doimiy ravishda kuchaytirmoqdamiz. Biroq hozir biz jamoat sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy favqulodda inqirozga duch keldik», degan Si Tszinpin.

Ayni paytga kelib Xitoyda kamida 2002 kishi yangi koronavirus qo‘zg‘agan pnevmoniya bilan kasallangani tasdiqlandi. Yana deyarli 2,7 ming kishida ushbu tashxis gumon qilinmoqda.

26 yanvar holatiga virusdan halok bo‘lganlar soni 56 kishiga yetgan.

O‘zbekistonda virus hozircha yo‘q

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asoslanib koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalib ketish xavfi kamligi, jiddiy xavotirga hojat yo‘qligi bildirgandi.

23 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida respublikaga kirib kelishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha epidemiologik nazorat o‘rnatilgani, barcha chegara punktlari kerakli jihozlar, jumladan teplovizorlar bilan ta'minlangani haqida ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Uxan shahrida 30dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan.

25 yanvar kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida ishtirok etgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Uxandagi o‘zbekistonliklar vatanga olib kelinishi mumkinligini aytgan edi. Ammo keyinroq Xitoy hukumati hech qaysi davlatga fuqarolarini evakuatsiya qilishga ruxsat bermayotgani ma'lum qilindi.

Turkiyadagi zilzila

24 yanvar kuni kechqurun Turkiya sharqida kuchli zilzila yuz berishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi. Yana 1600dan ortiq kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:55da boshlangan 6,8 balli zilzila 15 soniya davom etgan, shuningdek, kuchi 3,3 balldan 5,4 ballgacha bo‘lgan aftershoklar qayd etilgan. Zilzila o‘chog‘i Elyazig‘ provinsiyasidagi Sivrij shahri yaqinida, 6,7 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila oqibatida binolar vayron bo‘ldi, odamlar uysiz qoldi.

Hukumat ma'lumotiga ko‘ra, shu vaqtgacha xarobalar ostidan 45 kishi qutqarib olingan, yana kamida 20 kishi vayronalar ostida qolayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, zilzila oqibatida vafot etgan va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Hukumat qanday choralar ko‘rmoqda?
Jabrlangan hududlarga yuzlab yuk mashinalarida insonparvarlik yordamlari jo‘natilmoqda - oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, ko‘rpa-to‘shak va palatkalar. Bu hududda harorat tunda minus darajaga tushib ketmoqda. Shanba kuni kechqurun -8 daraja sovuq qayd etildi.

TRT davlat telekanali shanba kuni ertalabdan Elyazig‘ provinsiyasidan reportajlar bera boshladi, u yerda qutqaruvchilar tuni bilan to‘rt qavatli uy xarobalari ostidan jabrlanuvchilarni olib chiqish ishlari bilan shug‘ullanishdi.

Qutqaruvchilar avvaliga quruq qo‘l bilan ishlashdi, keyinroq chekka hududga texnikalar yetib keldi.

Xabar qilishlaricha, zilziladan 19 soat o‘tgandan keyin ham xarobalar ostidan bir ayol tirik holda topilgan. Yana bir ayol qarindoshlariga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilganidan keyin topildi. Xarobalar ostidan olib chiqilgan 12 yoshli bola shifoxonada jon berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Elyazig‘ viloyatida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida qurbon bo‘lgan ona va uning o‘g‘lining janoza marosimida qatnashdi.

«Biz ko‘plab zilzilalarni boshdan kechirganmiz, ammo xalqimiz sabr bilan tik turib kelgan», - dedi Erdo‘g‘an. 

U davlat odamlarni qutqarish ustida operativ tarzda ishlashiga va infratuzilmani tiklashga va'da berdi.

«Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda hech kimning uysiz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», - dedi u.

Yer osti silkinishlari Suriya, Livan, Iroq va Eron hududida ham sezilgan.

Turkiyada kuchli zilzilalar bo‘lib turadi. 1999 yilda Izmit shahrida ro‘y bergan 7,6 balli yer osti silkinishi oqibatida 17 ming kishi halok bo‘lgandi.

Bugungi zilziladan jabrlangan hudud poytaxt Anqaradan 550 kilometr sharqda joylashgan. Bu hududda aholi siyrak yashaydi va shu tufayli talofatlar haqidagi ma'lumotlar uzilishlar bilan kelmoqda.

Sivrij shahrida 4 mingga yaqin kishi yashaydi, Tigr daryosi manbasi bo‘lgan Hazar ko‘li yoqasida joylashgan bu shahar turistlar orasida mashhur hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: