Foto: Olmaotada «koronavirus yuqtirgan bemor»ni kutib olishga tayyorgarlik tadbiri o‘tkazildi

Jahon 18:40 / 26.01.2020 33392

Xitoyda yangi turdagi koronavirus tarqalishi sababli Qozog‘istonda sanitariya nazorati kuchaytirildi.

Informburo nashrining xabar berishicha, Olmaota aeroportida Xitoydan bemor yo‘lovchi bo‘lgan samolyot kelganida qanday yo‘l tutish bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulot transportda mahsulot va xizmatlar xavfsizligi sifatini nazorat qilish departamenti va Olmaota aeroporti sanitariya-karantin punkti hamkorligida tashkil etildi. Ssenariyga ko‘ra, dispetcherga Xitoydan kelgan samolyotda koronavirusga chalinganlik alomati bo‘lgan yo‘lovchi borligi xabar qilindi. Uning harorati baland bo‘lib, yo‘tal xuruj qilgan va ahvoli yomon. Shu bilan birga, bortda 150 yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a'zosi bor. Bemor barchadan uzoq joyga o‘tqazildi va uning samolyot ichida harakatlanishi cheklandi.

Maxsus avtotransport xizmati samolyotni sanitariya turargohiga olib keldi. Politsiya terminalning kirish va chiqish eshiklarini to‘sib qo‘ydi, chegara va bojxona nazorati to‘xtatildi. Bortga sanitariya-karantin nazorati mutaxassislari aeroport tibbiy xodimi bilan birgalikda ko‘tarildi. Ularning barchasi maxsus kiyimlarda edi.

Mutaxassislar bemor va boshqa yo‘lovchilarning ahvolini so‘rashdi, qo‘l teplovizori yordamida ularning haroratini o‘lchashdi. Shuningdek, hasharot va kemiruvchilar bor-yo‘qligini tekshirish uchun yuk bo‘lmalarini ko‘rib chiqishdi.

Shundan so‘ng yo‘lovchilar samolyotdan tushishdi va avtobusda tashrif buyuruvchilar zaliga olib kelindi. Buyumlarga qo‘l tegizmaslik maqsadida ular portativ qurilma yordamida tekshirildi.

So‘ngra bortga shifokor ko‘tarildi va dastlabki tashxisni qo‘ydi: koronavirus ehtimoli. Bemor kapsula yordamida Olmaotadagi kasalxonaga joylashtirildi.

Bu vaqtda aeroportda havo kemasi dezinfeksiya qilindi.

Yo‘lovchilar tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng ularning pasportlari tekshiruvdan o‘tkazildi. So‘ngra yo‘lovchilarga sog‘liklariga e'tiborli bo‘lish va dastlabki simptomlar paydo bo‘lganida shifokorga murojaat qilish tavsiya etildi.

O‘zbekistonda ham koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy kuzatuv va nazorat ostida. 23 yanvar kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida respublikaga kirib kelishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha epidemiologik nazorat o‘rnatilgani, barcha chegara punktlari kerakli jihozlar, jumladan teplovizorlar bilan ta'minlangani haqida ma'lumot berildi. 

Ko‘proq yangiliklar: