Yana ozgina yetmay qoldi... Olimpiadaga munosib emasmidik?

Sport 23:48 / 25.01.2020 23375

Butun o‘yin davomida O‘zbekiston ustunlikka ega bo‘ldi. Xuddi Saudiyaga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi. Bu gal ham raqiblar birgina qulay imkoniyatdan foydalanib ketishdi. Avstraliya safida eng kuchli futbolchilardan bo‘lgan Nikolo D`Augustino ajoyib yurishni amalga oshirib gol urdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida urilgan bu goldan so‘ng Drulovich tarkibda va o‘yinda o‘zgarish qilishga harakat qildi. O‘yini chiqmagan Nurillo To‘xtasinov o‘rniga Oybek Bozorovni maydonga tushirdi. Ammo... Oybek maydonga tushganidan 6 daqiqa o‘tib qizil kartochka oldi. U maydon markazida chinakamiga yoshlik qilib raqibga qarshi qo‘pol o‘ynadi va chetlatildi. To‘g‘risi, hakam qo‘pollik qilganini sezib raqibidan kechirim so‘rab turgan yosh bolani chetlatmasa ham bo‘lardi, ammo referi bunday qilmadi va jamoamiz 60-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qoldi.

Ammo bir narsaga qoyil qolish kerak, qolgan 30 daqiqa davomida musobaqaning eng baquvvat jamoasi Avstraliya emas, bir kishi kam bo‘lib qolgan O‘zbekiston hujum qildi. Yigitlar bir kishi kam bo‘lib ham avstraliyalik muxlislarni o‘yinni yurak hovuchlab ko‘rishga majbur qila olishdi.

O‘yindan so‘ng Drulovichdan sizning jamoangiz hamma o‘yinda raqiblaridan ko‘proq hujum qildi, natija uchun oddiyroq o‘ynash ma'qul emasmidi, deb so‘rashdi. Drulovich esa bu uning uslubi ekanini, natija bo‘lishini xohlaganini, bunga esa hujumsiz erishib bo‘lmasligini aytdi. Chindan O‘zbekiston musobaqaning eng hujumkor, eng yoqimtoy jamoasi bo‘ldi. Koreya, Saudiya va Avstraliya bilan o‘yinlarda ham bizning futbolchilar raqibdan ko‘proq hujum qilishdi, ammo natija ular tomonda bo‘ldi.

Qizig‘i, bu musobaqada bizni mag‘lub etgan uchta jamoa ham olimpiadaga chiqdi. Ulardan ikkitasi ertaga finalda to‘qnash keladi. Yetmaganiga bizni yenggan Saudiya 24 yil deganda, Avstraliya esa 12 yil deganda olimpiadaga yo‘llanma oldi. Biz mana shunday raqiblarga omad keltirgan jamoaga aylandik afsuski...

Avstraliya bilan mag‘lubiyatdan so‘ng bir fikr odamni o‘ylantirib qo‘ydi: nega futbolchilarimiz oraga qandaydir katta musobaqa yo‘llanmasi qo‘yilgan o‘yinlarda g‘alaba qozona olishmaydi? Nega olimpiada, jahon chempionatlarining bosimi futbolchilarni xotirjam harakat qilgani qo‘ymaydi? Masalan xuddi shu yosh toifasida ikki yil oldin o‘tkazilgan musobaqada futbolchilarimiz chempion bo‘lgandi, ammo bu gal ular 2 yil oldin 4:1 hisobida yenggan raqiblari Koreyaga mag‘lub bo‘lishdi, bir vaqtlar o‘zlari U19 musobaqasida yenggan Avstraliyaga ham kuchlari yetmadi.

Aynan mana shu bosimdan qutulish yo‘lini topsak, keyin natijaga erishish mumkin. Aks holda doim bizga ozgina yetmay qolaveradi... Ushbu fotogalereyada Avstraliya O‘zbekistonni qanday mag‘lub etganini tomosha qilishingiz mumkin. 

O‘tkir Jalolxonov, Muhammadjon G‘aniyev (foto)

Ko‘proq yangiliklar: