Xalq manfaatlaridan kelib chiqib, chuqur o‘ylab keyin integratsiya jarayonlarida ishtirok etishimiz kerak - Abdulaziz Komilov

O‘zbekiston 13:00 / 25.01.2020 8970

Xalqaro Press klubning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga murojaatnomasiga bag‘ishlangan turkum tahliliy sessiyalarining ilk muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Akmal Saidov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov spikerlik qilishmoqda.

Sessiyada so‘z olgan Abdulaziz Komilov O‘zbekistonning xalqaro integratsiya jarayonlariga qo‘shilishi, xususan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasida prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalarga to‘xtaldi.

«O‘zbekiston bu yil MDHda raislik qilishni o‘z zimmasiga olgan. Bu tashkilot doirasida ham alohida kelishib, hamkorlik qilishda davom etamiz. Bundan tashqari, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi yirik mintaqaviy tashkilotlar bor. Bu yerda ham ko‘p rejalar va tadbirlar nazarda tutilgan, ulardan bir nechtasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Przezidentimiz o‘z murojaatnomasida integratsiya masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kun tartibimizda uchta katta tashkilot bilan integratsiyalashuv masalasi bor. Bular — Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa ittifoqi bilan bilan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish.

Ular bilan batafsil muzokaralarni olib bormoqdamiz. O‘zbekiston mana shu integratsion tashkilotlarning qaysi qismida, qaysi shaklda ishtirok etishi mumkinligi o‘rganilmoqda.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuv borasida ayniqsa juda ko‘p savollar tug‘ilmoqda. Shuni aytmoqchi edimki, o‘zi bizning umuman integratsiya masalalariga munosabatimiz qanday bo‘lishi kerak?

Integratsiya — globallashuv davrida tabiiy jarayon. Barcha davlatlar integratsiyaga intiladi. O‘zbekiston ham boshqa davlatlar singari, bu jarayonlardan chetda qolib ketishi mumkin emas.

Maqsad nima? Prezidetimiz ochiq-oydin ta'kidlab o‘tdiki, biz doim O‘zbekistonning davlat va milliy manfaatlaridan kelib chiqamiz. Bizning tashqi bozorlarga chiqadigan yo‘llarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iziston tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Bundan tashqari, boshqa masalalar ham bor. Shuning uchun avvalombor biz o‘z manfaatimizni inobatga olib harakat qilamiz, diqqat markazimizda O‘zbekiston xalqining manfaati bo‘ladi.

YeOIIga a'zo bo‘lgan davlatlar o‘zlari duchor bo‘lib turgan ko‘p muammolar haqida gapirishmoqda. Biz ana shunday muammolarga duch kelib, ular qilgan xatoni qaytarib o‘tirmasdan, chuqur o‘ylab keyin integratsiya jarayonlarida ishtirok etishimiz kerak», — dedi tashqi ishlar vaziri.

Ko‘proq yangiliklar: