Uxanda koronavirus bilan kurashish uchun ikkinchi shifoxona quriladi. 25 ta provinsiyada favqulodda vaziyat e'lon qilindi

Jahon 21:14 / 25.01.2020 9592

Xitoy hukumati yangi turdagi koronavirus tarqalishi o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahrida ushbu virusga chalinganlarni davolash uchun zudlik bilan ikkinchi maxsus shifoxonani qurishga qaror qildi. Bu haqda The Global Times nashri xabar berdi. 

Shifoxona 1,3 ming bemorga mo‘ljallanib, u yarim oy ichida qurib bitkaziladi.

23 yanvarda Uxanda shunday ilk shifoxona qurilishi boshlangani ma'lum qilingandi. Ming kishiga mo‘ljallangan shifoxona 3 fevralgacha tayyor ko‘rinishga keltiriladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan Xitoyda vafot etganlar soni 41 nafarga yetdi. Unga chalinganlar soni esa 1,3 ming kishini tashkil qilmoqda.  

Koronavirus tarqalishi oldini olish uchun 26 yanvardan provinsiyalararo avtobuslar harakati to‘xtatildi. 28 ta provinsiyadan 25 tasida aholi salomatligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga javob berishning eng yuqori darajasi e'lon qilindi. Bu hududlardagi aholining umumiy soni 1,2 mlrddan oshadi.

Dastlab ushbu chora Uxan joylashgan Xubey provinsiyasida kiritilgan, so‘ngra unga markaziy bo‘ysunuvdagi Pekin, Shanxay, Chunsin va Tyanszin shaharlari, Guandun, Xenan, Xunan, Chjetszyan, Anxoy, Tszyansi, Sichuan, Shandun, Yunnan, Guychjou, Futszyan, Tszyansu, Xaynan, Xeylunszyan, Xebey, Gansu, Lyaonin, Shansi provinsiyalari, Shinjon-Uyg‘ur va Guansi-Chjuan muxtor tumanlari qo‘shilgan.

Bundan tashqari, Xitoyning maxsus ma'muriy hududi hisoblangan Hongkongda ham favqulodda vaziyatlarga javob berishning eng yuqori darajasi kiritilgan. 

Shuningdek, Xitoydagi barcha turistik kompaniyalar va onlayn-agentliklar mamlakatga turistik turlarni vaqtinchalik to‘xtatishdi.  

Ta'kidlanishicha, Xitoyda bo‘lgan sayyohlik guruhlari o‘z sayohatlarini davom ettirishlari mumkin, biroq ular xavfsizlik va sayyohlar salomatligiga alohida e'tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.

Xitoy raisi Si Tszinpin kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq holda chaqirtirilgan yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashayotgan barcha tibbiy xodimlarga minnatdorlik bildirdi.

“Rais Si Tszinpin Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi nomidan kasallikning tarqalishiga qarshi mardonavor kurashayotgan barcha tibbiy xodimlarga minnatdorlik bildiradi”, deyilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra tarqatilgan bayonotda.

Xitoy yetakchisi kasallik oqibatida yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirgan.

“Butun partiya, armiya va ko‘p millatli xalqimiz siz bilan, u sizning tayanchingiz”, deb qo‘shimcha qilgan Xitoy raisi. 

Si Tszinpin kasallikning tarqalishi oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha muvofiqlashgan ishni mustahkamlash, dori vositalarining uzluksiz ta'minoti bo‘yicha ishni faollashtirish, tibbiy personal himoyasini kuchaytirish, jamoatchilik barqarorligini ta'minlash zarurligini ta'kidlab o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: