Rossiyadan deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni ochiqlandi

O‘zbekiston 18:17 / 25.01.2020 31266

Hozirgi kunda taxminan 300 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya hududidan deport qilingan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tursunovga ko‘ra, deport qilinganlarning ro‘yxatini shakllantirish agentlik vakolatiga kirmaydi, bu masalaga Tashqi ishlar vazirligi oydinlik kiritishi mumkin.

«Bizdagi ma'lumotga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada hududidan deport qilinganlar soni 300 ming nafarni tashkil qiladi. Deport qilinganlar soni statik, ya'ni o‘zgaruvchan ma'lumot bo‘lib, deport qilinganlarning qo‘shilishi yoki yoki taqiqning yechilishi tufayli mazkur ko‘rsatkich o‘zgarib turadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunov
Foto: AOKA

Biror davlatga ma'lum vaqtga kirish taqiqi qo‘yilishi «deportatsiya» deyiladi. Fuqaro migratsion qonunchilikni buzganida, unga uch kun mobaynida davlatdan ixtiyoriy chiqib ketish imkoni beriladi. Agar migrant shu vaqt oralig‘ida o‘sha mamlakatni tark etmasa, keyingi safar sud qaroriga asosan, majburiy tarzda davlatdan chiqarib yuboriladi va u yerga qaytib kirishiga muayyan muddatga taqiq qo‘yiladi», – deya dedi Tursunov 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda xorijda yurgan o‘zbekistonliklar soni salkam 2 million nafarni tashkil etadi.

Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti birinchi kotibi Rustam G‘oziyevning aytishicha, hozirgi paytda Rossiyada qancha o‘zbek migrantlari mavjudligi bo‘yicha aniq raqamlar mavjud emas.

Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti birinchi kotibi Rustam G‘oziyev
Foto: AOKA

«Chunki qonuniy ishlayotgan yurtdoshlarimizga nisbatan noqonuniy mehnat qilayotganlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Patent narxining qimmatligi, rus tili va boshqa masalalarda imtihon topshirish muammosi borligi, til bilish va huquqiy madaniyat borasida yetarli bilim yo‘qligi tufayli aksariyat muhojirlar qonuniy ishlashni xohlamasligi ma'lum bo‘ldi.

O‘tgan yili Rossiyaning Sank-Peterburg, Qozon, Yekanterinburg, Vladivostok, Rostov-Don shaharlarida O‘zbekistonning bosh konsulxonalari to‘laqonli o‘z ishini boshladi. Shuningdek, Qozog‘istonning Olmaota va Aktau shaharlarida ham o‘z konsulxonalarimiz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Hozirda Xitoyning Guanchjou shahrida O‘zbekiston bosh konsulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish arafasida turibdi. Ayni paytda barcha konsullik xizmatlarini interaktiv platformaga o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti», – deydi TIV mulozimi.

Ko‘proq yangiliklar: