Osiyo chempionati-U23. Avstraliyaga yengilgan O‘zbekiston olimpiada yo‘llanmasidan quruq qoldi

Sport 19:26 / 25.01.2020 17139

Tailandda o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha Osiyo chempionati-U23 musobaqasining 3-o‘rin uchun o‘yini yakunlandi. Yarimfinalda mag‘lub bo‘lgan Avstraliya hamda O‘zbekiston jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda avstraliyaliklar g‘alaba qozonishdi. O‘yin taqdirini birgina gol hal qildi.

O‘yinning 5-daqiqasida avstraliyaliklar gol urishdi. Qanotdan amalga oshirilgan hujumdan so‘ng Nikolas D`Augustino bosh bilan gol urdi, ammo hakam darvozabonga qarshi qo‘pollik bo‘ldi deb hisoblab uni inobatga olmadi. 7-daqiqaga kelib o‘zbekistonlik futbolchilar o‘yinda ilk marta darvoza tomon zarba yo‘llashdi. Abdulla Abdullayevning zarbasi noaniq bo‘ldi.

11-daqiqada O‘zbekiston golli vaziyatni yuzaga keltirdi. O‘ng qanotdan uzatilgan aniq uzatmani Jasur Yaxshiboyev bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo darvozabon to‘pni ushlab oldi. 17-daqiqada Jasur Yaxshiboyev juda xavfli vaziyatni yuzaga keltirdi. Abdulla Abdullayev va Aziz G‘aniyevning ajoyib harakatlaridan keyin qulay imkoniyatga ega bo‘lgan Jasurning uzoq burchakka yo‘llagan zarbasi biroz noaniq bo‘ldi.

24-daqiqada Aziz G‘aniyev uzoq masofadan o‘z uslubida zarba yo‘lladi, lekin unchalik kuchli bo‘lmagan zarbani Avstraliya darvozaboni ushlab oldi. 33-daqiqada Ilhom Alijonovning darvoza yaqiniga uzatmasi zarbaga aylanib ketdi va darvozabon qiyinchilik bilan to‘pni qaytardi. Belgilangan burchak zarbasidan keyin Jasur Yaxshiboyev to‘pni olis burchakka tashlab qo‘ymoqchi bo‘ldi, bu gal ham posbon aniq o‘ynadi.

35-daqiqada uchrashuvni qanotda o‘tkazgan Bobur Abduxoliqov ikki himoyachini osonlik bilan aldab zarba yo‘lladi, lekin boshqa himoyachi xavfni bartaraf etdi.

Ikkinchi bo‘limni juda faol boshlagan Avstraliya 47-daqiqada hisobni ochdi. Nikolo D`Augustino yolg‘iz o‘zi jarima maydonchasiga kirib borib olis burchakni aniq nishonga oldi. 60-daqiqada O‘zbekiston maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Raqibga qarshi qo‘pol o‘ynagan Oybek Bozorov maydonga tushganidan 7 daqiqa o‘tib chetlatildi.

Shu tariqa 3-o‘rin uchun o‘yinda g‘alaba qozongan Avstraliya Tokio-2020 olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Osiyo chempionati-U23 final bahsi ertaga 26 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 17:30da boshlanadi. Unda Saudiya va Janubiy Koreya jamoalari to‘qnash keladi.

Osiyo chempionati-U23
3-o‘rin uchun o‘yin

AVSTRALIYa — O‘ZBeKISTON 1:0
Gol:
Nikolo D`Augustino (47).
Bangkok, «Rajamangala» stadioni
O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Islom Qobilov, Husniddin Aliqulov, Hojiakbar Alijonov, Abdulla Abdullayev, Ilhom Alijonov (Doston Ibragimov, 75), Aziz G‘aniyev, Nurillo To‘xtasinov (Oybek Bozorov, 53), Mirjahon Mirahmadov (Sharof Muhiddinov, 60), Jasur Yaxshiboyev, Bobur Abduxoliqov.
Bosh murabbiy: Lyubinko Drulovich.

Avstraliya: Tomas Glover, Aleks Gersbax, Dilan Rayan, Tass Morduautas, Rami Najjarini (Denis Jyenrau, 46), Zachari Dunkan, Reno Piskopo, Tomas Deng, Nikolas D`Augustino, Kanu Bakkus, Daniel Bouman (Al Hassan Ture, 65).
Bosh murabbiy: Grem Arnold.
Chetlatish: Oybek Bozorov (60).

Ko‘proq yangiliklar: