Islohotlarning qonuniy asoslarini yaratish – zimmamizdagi ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi

O‘zbekiston 18:10 / 25.01.2020 3911

— Bu yil Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi marotaba murojaatnoma taqdim etdi, bu safargi murojaatnoma alohida mazmun va mohiyati bilan ajralib turadi. Chunki O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyotining eng dolzarb pallasiga kirib kelyapti. Muhimi, murojaatnomada xalqimiz hayotining barcha jihatlari to‘liq qamrab olindi. Davlatimiz rahbari tomonidan alohida e'tibor qaratilmagan hech bir savol yoki masala qolmadi.

Bugun ma'lum ma'noda uch yil davomida o‘tkazilgan barcha sohalardagi islohotlarning dastlabki yakunlari sarhisob qilindi. Bundan tashqari, 2019 yilda amalga oshirilgan islohotlarga qisqacha yakun yasaldi. Xalqimizning fidokorona mehnati tufayli “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlangan 2019 yilda katta natijalarga erishdik.

Ularning ko‘lami shu qadar kengki, bugungi kunda yangilanishlar kirib bormagan tarmoq, hudud va hattoki, islohotlardan bahramand bo‘lmagan oila qolmadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Murojaatnomada taraqqiyotimizning yaqin istiqboldagi rejalari belgilab berildi. Eng avvalo, yaqinda “Yangi saylovlar – yangi O‘zbekiston” shiori ostida o‘tkazilgan saylov natijasida respublikada yaratilgan yangi siyosiy muhit demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishni talab qiladi. Parlament saylov jarayonini takomillashtirish maqsadida bundan keyin ham Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikni kuchaytiradi.

Prezidentimiz 2020 yilni Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb belgilab berdi. Istiqbolga mo‘ljallangan “Raqamli iqtisodiyot – 2030” dasturini ishlab chiqish zarur. Bu makroiqtisodiy barqarorlikni va inflatsiyani jilovlashni ta'minlashga, shuningdek, sog‘lom raqobatga va har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaning oldini olishga ko‘maklashadi. Boz ustiga, korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat parlamentning, balki butun jamiyatning asosiy maqsadiga aylanishi kerak. Mamlakat rahbari Prezident va parlamentga hisobdor korrupsiyaga qarshi maxsus organ tuzish tashabbusini ilgari surgani ham bejiz emas.

Senatorlar mamlakatda kambag‘allikka oid ko‘rsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan tegishli konsepsiyani ishlab chiqish masalasi yuzasidan o‘z takliflarini tayyorlaydi.

Bundan tashqari, faoliyatimizda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” prinsipiga og‘ishmay rioya etiladi. Xalq bilan muloqot yanada jonlantiriladi. Oxirgi uch yilda bu yo‘nalishdagi ishlar yuqori darajaga olib chiqildi. Saylov kampaniyasida ko‘tarilgan barcha masalalar tahlil qilinadi, aholini tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganishga e'tibor kuchaytiriladi. Yakunida ularni hal etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Bundan buyon senatorlar ko‘proq joylarda bo‘lib, hududlarni rivojlantirishga doir dolzarb masalalarni o‘rganish bo‘yicha mahalliy Kengashlar va mahalliy davlat hokimiyatining boshqa organlari bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazadi. Shu munosabat bilan alohida qayd etish lozimki, Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligiga oid demokratik prinsiplariga to‘liq javob beradi. Shuningdek, bu davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari hamkorligida ijtimoiy sheriklik prinsipini amalga oshirishga, hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda keng jamoatchilik ishtirokini faollashtirishga, yangi qonunlar qabul qilishga ko‘maklashadi.

Murojaatnomada ijtimoiy soha ustuvorligi belgilab berildi, shundan kelib chiqqan holda parlament ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, aholini maktabgacha ta'lim va boshqa ta'lim muassasalariga jalb qilishni kengaytirish, ayniqsa Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish masalalariga alohida e'tibor qaratadi.

Majburiy tibbiy sug‘urta, ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha qonunlar ishlab chiqish, ularda barcha hududlar manfaatlarini birdek himoya qilish yuzasidan jiddiy ish olib boriladi.

Shu bilan birga, amaldagi qonunlarning samarali ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga ham jiddiy e'tibor qaratamiz. Hokimlar va mahalliy ijro organlarining joylardagi xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlari oldida hisobdorligini oshirish masalasi ham bejizga tilga olinmadi. Qolaversa, parlament hokimlar vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga e'tiborni kuchaytiradi. Bu masalalarning barchasini Senat Adliya vazirligi bilan birga o‘rganishi lozim.

Albatta, mamlakatimiz taraqqiyoti bilan bog‘liq barcha sohalarda islohotlarning qonuniy asoslarini yaratish – zimmamizdagi ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi. Biz o‘z faoliyatimiz mexanizmlarini takomillashtirish, keg jamoatchilik vakillari faolligini oshirish ustida qat'iy ish olib boramiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasida ko‘tarilgan barcha masalalarni Senat a'zolari yaqin istiqbolda va joriy yildagi o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini aniqlab olish uchun sinchkovlik bilan o‘rganadi.

 Tanzila NORBOYeVA,
Oliy Majlis Senatining raisi.

Ko‘proq yangiliklar: