Uxanda koronavirusga qarshi kurash doirasida zudlik bilan yangi shifoxona qurilmoqda

Jahon 19:40 / 24.01.2020 37818

Xubey provinsiyasidagi 10ta shaharda, shu jumladan, Uxanda yangi cheklovlar joriy etildi. Fuqarolarning harakatini cheklashni nazarda tutuvchi bunday choralar shahardan shaharga qarab o‘zgarib boradi.

Xitoyda ushbu virus bilan zararlanish bilan bog‘liq jami 830 holat qayd etilgan, 26 kishi ushbu virusdan o‘lim topgan. Avvalroq Xitoy sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi vafot etganlarning eng yoshi 48 yoshda, eng keksasi esa 89 yosh bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

Payshanba kuni ilk marta Xubey provinsiyasi hududidan tashqarida, qo‘shni Xebey provinsiyasida o‘lim holati qayd etildi. Yana bir o‘lim mamlakat shimolida, Uxandan 2 ming kilometr uzoqlikda, Rossiyaga chegaradosh bo‘lgan Xeylunszyan provinsiyasida ro‘y bergan.

Virusga qarshi qat'iy choralar Pekinda va Hongkongda ham joriy etilgan. Xitoy poytaxtida Yangi yil bayrami bilan bog‘liq barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan, shuningdek shahar markazidagi qadimiy hududga ziyorat uchun kirish taqiqlangan. Hongkongda futbol bo‘yicha premer-liga o‘yinlari va xalqaro karnaval bekor qilingan.

Makaoda ham virusdan zararlanish holati qayd etildi. Bu hududda ham yangi yil bayrami tadbirlari bekor qilingan. Shuningdek, Buyuk Xitoy devorining aksar hududlari ziyoratchilar uchun yopilgan.

Uxanda, shuningdek, nisbatan kichikroq bo‘lgan shaharlar bo‘lmish Echjou va Enshida karantin holati davom etmoqda. Uxanda avtobuslar, paromlar va metro harakati to‘xtatilgan, shahardan chiquvchi barcha aviareyslar bekor qilingan, shahardan chiquvchi yo‘llardagi blokpostlar berkitilgan. Shuningdek, shahardan chiquvchi barcha reyslar va poyezd yo‘nalishlari bekor qilingan. Restoranlar, kafelar va kinoteatrlar yopib qo‘yilgan.

Shahar markazida shoshilinch ravishda ming nafar bemorga mo‘ljallangan kasalxona qurilmoqda.

Qurilish ishlariga 10 buldozer va 35 ekskavator jalb qilingan / AFP

OAV ma'lumotiga ko‘ra, qurilish ishlari 3 fevralga qadar yakunlanadi.

Uxanliklar ijtimoiy tarmoqlarga shifoxonalardagi ulkan navbatlar tasvirlangan videolar va fotolarni joylashtirishmoqda.

Televideniyeda yangi qurilayotgan kasalxona tibbiy resurslar taqchilligi muammosini hal etishi, uning qurilishida tayyor bloklardan foydalanilishi tufayli u tez tayyor bo‘lishi haqida ma'lum qilingan.

Jahondagi vaziyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozircha ushbu virus tufayli xalqaro favqulodda vaziyat e'lon qilishga shoshilmadi. Bunga Xitoydan tashqarida virus bilan zararlanish holatlari deyarli yo‘qligi sabab sifatida keltirilgan.

Shu bilan birgalikda, vaziyat favqulodda tus olishi mumkinligi istisno etilmagan.

«Bu Xitoy uchun favqulodda vaziyat, ammo u hozircha dunyo miqyosidagi sog‘liqni saqlash holati uchun favqulodda vaziyatga aylangani yo‘q, ammo bunday bo‘lishi ham mumkin», dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyyesus.

Payshanba kuni AQShda ushbu virusdan zararlanish bo‘yicha ikkinchi holat qayd etilgani gumon qilindi.

Juma kuni esa Singapurda ham ushbu virusdan zararlanish holati aniqlandi. Hozirda Xitoydan tashqaridagi eng ko‘p zararlanish holatlari Tailandda kuzatilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoyda koronavirusning tarqalishi sababli epidemiologik holatdan xavotirlanish uchun hech qanday sabab yo‘qligini, chegara punktlarida barcha choralar ko‘rilganini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: