O‘zbekistonda Jamoatchilik palatasi tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:40 / 24.01.2020 7790

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qildi.

«Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e'tiborini qaratib, o‘zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu maqsadlar uchun mamlakat va hududlar darajasida NNTlar bilan ijtimoiy sheriklikni keng yo‘lga qo‘yib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ko‘paytirishimiz kerak. Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim.

Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish lozim.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish majburiyligini aniq belgilash kerak.

Jamoatchilik ma'qul desa ma'qul, noma'qul desa noma'qul bo‘ladi.

Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: