O‘zbekiston banklarida keng ko‘lamli transformatsiya boshlanadi

O‘zbekiston 15:56 / 24.01.2020 39636

2020 yildan boshlab, O‘zbekistondagi har bir bankda keng ko‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida aytib o‘tdi.

Ta'kidlanishicha, bank tizimida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan «loyihalar fabrikasi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak.

2019 yilda «Sanoatqurilishbank» bilan bo‘lgani kabi, 2020 yilda Milliy bank va Ipoteka-bank o‘z yevrobondlarini chiqarishi ma'lum qilindi.

Shuningdek, davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar bosqichma-bosqich strategik investorlarga sotiladi. «Mana shuni hamma bilishi kerak. Sotmasak, rivojlanish bo‘lmaydi. Investor bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi. Halol-pok, eng rivojlangan davlatlardan bank sohasi bo‘yicha investorlarni olib kelamiz», – dedi prezident.

«Bank sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – tijorat banklarini «mijoz uchun ishlash»ga o‘rgatishdan iboratdir.

Soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida, Bank-moliya akademiyasi xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda to‘liq qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, davlat banklarida zamonaviy bank amaliyoti, menejmenti va xizmatlarini joriy qilish uchun rahbarlik lavozimlariga xorijiy yetakchi moliya institutlarining malakali mutaxassislarni jalb etish boshlandi va bu jarayon izchil davom etadi.

Banklarda axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish orqali, ularning dasturiy ta'minotlarini tubdan yangilash lozim.

Shu yil 1 iyulga qadar «kredit tarixi» axborot tizimini to‘liq ishga tushirish zarur.

Aholida bank tizimiga nisbatan ishonchni shakllantirish va banklar faoliyatiga chetdan aralashishga chek qo‘yish kerak», – deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: