Ijro organlari rahbarlari ishiga xalq murojaatlariga qarab baho beriladi – Prezident

O‘zbekiston 11:30 / 24.01.2020 8100

Bundan buyon ijro organlari rahbarlari ishiga xalq qabulxonalarida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida baho beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi parlamentiga murojaatnomasida to‘xtalib o‘tdi.

«Yangi parlamentning pirovard maqsadi O‘zbekistonda yashayotgan aholining turmushini yuksaltirishdan iborat bo‘lishi shart. Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib shuni aytmoqchiman: saylovoldi uchrashuvlarda aholi tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha aniq dastur va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish hamda uni vakolatli idoralar bilan hamkorlikda to‘liq amalga oshirishimiz zarur. Aks holda sizlarga ishonch bildirgan saylovchilar oldidagi deputatning obro‘si bo‘lmaydi, partiyaning mavqeyi tushib ketadi.

Endi davlat idoralari rahbarlari va hokimlarning ushbu murojaatlarni qay darajada hal etilayotgani bo‘yicha hisobotini parlament va xalq deputatlari kengashlarida muntazam eshtitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadini tasdiqlash, nafaqa oluvchilarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari ishiga baho berish bundan buyon xalq qabulxonalarida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida baho beriladi», – deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning qayd etishicha, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak degan asosiy tamoyilni amalda to‘liq ta'minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilish zarur. Virtual va Xalq qabulxonalariga yiliga bir milliondan ziyod murojaat kelib tushayotgani, xalq bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqish kerakligini ko‘rsatmoqda.

«Har bir deputat xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, o‘z hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dard-u tashvishlarini tinglashi kerak. Shunda deputatlar o‘z saylovchilariga bergan va'dalari ustidan chiqadi, xalqimizning ishonchini oqlaydi, eng asosiysi, xalqimizning mehrini qozonadi. Shunda men ham nafaqat prezident, balki oddiy saylovchi sifatida sizlardan juda minnatdor bo‘lar edim», dedi davlat rahbari. 

Ko‘proq yangiliklar: