Eksportni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi jamg‘arma va agentlik tuziladi

O‘zbekiston 15:51 / 24.01.2020 2606

O‘zbekistonda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi.

Jamg‘arma eksportyorlarga kafillik berib, xarajatlarning bir qismini qoplaydi. Yangi agentlik esa eksportni oldindan moliyalashtirish maqsadida ochiladi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida ma'lum qildi.

«Shuningdek, eksport qilishda zamonaviy sug‘urta xizmatlari joriy qilinadi, avtomobil va havo transporti xarajatlarini qisman davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi», – dedi davlat rahbari.

Ma'lumot uchun, qator xorijiy davlatlarda (Koreya Respublikasi, Xitoy, Rossiya va boshqalar) Eksimbanklar faoliyat ko‘rsatishadi. Ularning asosiy vazifasi – eksportyor korxonalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish.

Shu kabi, tashkil qilinayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi eksportyorlarning xarajatlarini qisman qoplash yoki eksport shartnomalarida kafil sifatida ishtirok etadi.

Eksport-kredit agentligi esa eksport va eksport oldi jarayonlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda mahalliy korxonalar tomonidan eksport qilinayotgan 52 turdagi mahsulotlar bo‘yicha temir yo‘l xarajatlarining 50 foizigacha qismiga subsidiyalar ajratiladi. Lekin 80 foizidan ortiq tayyor mahsulotlar avtomobil transportida, 8 foizi xavo transportida eksport qilinmoqda. Shu sababdan bu transport turlari bo‘yicha ham subsidiya mexanizmi joriy etiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab BMTning Savdo jarayonlarini va elektron operatsiyalarni soddalashtirish markazi talablariga mos keluvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ustidan nazorat qiluvchi idoralarning Yagona integratsiyalashgan axborot kommunikatsiya bazasi ish boshlaydi.

Bundan tashqari, yuklarni bojxona chegarasida emas, ularni bojxona hududiga kirguniga qadar yoki chegaradan o‘tgandan keyin mamlakat ichida nazorat qilish tizimi joriy qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: