AQShda homilador ayollarning viza olishi qat'iylashtirildi

Jahon 09:30 / 24.01.2020 5460

AQSh hukumati “tug‘ruq turizmi” deb ataluvchi holatga chek qo‘yishga qaratilgan yangi viza qoidalarini e'lon qildi. Endilikda farzandini avtomatik tarzda fuqarolikni olishi maqsadida AQShga ataylab tug‘ishga keluvchi homilador ayollarga AQSh hududiga kirish tartibi qat'iylashtiriladi. Bu haqda Time nashri xabar berdi. 

AQSh qonunchiligi Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilganlarga ota-onasining qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qat'i nazar avtomatik ravishda fuqarolik olish imkonini beradi.

Ushbu maqsadda AQShga keluvchi ayollarni konsulxonalarning kirish ruxsatlarini berishga mas'ul xodimlari aniqlaydi. AQShga tibbiy zarurat bilan keluvchi homilador ayollar bundan mustasno bo‘ladi. Biroq bu holatda ham ayol AQShda tug‘ishga yetarlicha mablag‘ga egaligini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Oq uyning migratsiya qoidalari o‘zgarishiga bag‘ishlangan bayonotida aytilishicha, yangi qoidalar qisqa muddatli ishchi, ko‘ngilochar va tibbiy yordam olish maqsadidagi safarlar uchun beriluvchi B1/B2 turidagi vizalarni qamrab oladi. 

Oq uyning ushbu qarori milliy xavfsizlikni oshirish va soliq to‘lovchilar pullarini tejash maqsadida qabul qilingan. 

Time’da ta'kidlanishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp anchadan beri bu qoidalarning kiritilishini qo‘llab-quvvatlab kelgan, biroq ularga shubha bilan qarovchilar konsulxonalar xodimlari bu holatda bir qator muammolarga kelishlari mumkinligini ta'kidlashmoqda. Jumladan, ular ayolning homiladorligini qanday aniqlashlari tushunarsiz, chunki suhbat chog‘ida bunday savollarni berish mumkin emas. Agar ayol haqiqatan ham homilador bo‘lsa, u AQShga aynan tug‘ish uchun ketayotganini qanday aniqlash mumkin, chunki homiladorlarga viza berishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlov yo‘q.

AQShning migratsiya tadqiqotlari markazi ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda har yili turistik vizalar bilan keluvchi 30 mingdan ko‘proq ayol farzand dunyoga keltiradi. Bundan tashqari, shunday maqsaddagi turlarni tashkillashtiruvchi kompaniyalar ham mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: