Xitoydagi o‘lim virusi: Ikki shahar karantinda, Pekinda bayram bekor qilindi

Jahon 19:00 / 23.01.2020 70457

Chorshanba kuni Xitoy hukumati virus ilk marotaba aniqlangan hudud 8,9 million (boshqa manbalarda 11 mln) aholiga ega bo‘lgan Xubey viloyatidagi Uxan shahrini karantinga olib yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shaharga olib boradigan barcha yo‘llar yopildi, shahar ichida ham jamoat transporti harakati to‘xtatildi. 

Payshanba kuni xuddi shunday qaror Xubeydagi yana bir shahar - 7 million aholili Xuangan uchun ham qabul qilindi. Xuanganga boradigan barcha poyezd va samolyotlar reyslari bekor qilingan, shuningdek shahar ichki transporti harakati to‘xtatilgan. 

Rasmiylar, shuningdek, barcha keng ko‘lamli tadbirlarni - oy taqvimi bo‘yicha 25 yanvarga belgilangan Yangi yil bayrami, ommaviy sayllar, shu jumladan ibodatxonalardagi an'anaviy yarmarkalarini bekor qilishga qaror qilishdi. 

Yangi yil davomida millionlab odamlar Xitoy bo‘ylab sayohat qilishadi.  Minglab xitoyliklar chet elga ham chiqib ketadi. 

Uxan va Xuangan qamalda

Juma kuni kechasi Xuanganda barcha avtobus va poyezd qatnovlari to‘xtatiladi. Shahardagi kafe, restoranlar va kinoteatrlar ham yopiladi. Odamlarga shaharni tark etmaslik tavsiya etilgan.

Shu bilan birga, bir kun avval shaharni tark etmaslik to‘g‘risida buyruq berilgan Uxan aholisi ijtimoiy tarmoqlarda mahsulot yetishmasligi mumkinligidan xavotir bildirib, narxlarning keskin ko‘tarilishidan shikoyat qilishmoqda. 

Shahardagi ko‘plab do‘kon peshtaxtalari aholining zudlik bilan ovqat zaxirasi yig‘ishga kirishgani ortidan bo‘shab qoldi.

Fuqarolar kiyish majburiy bo‘lgan tibbiy niqoblarni ham faollik bilan sotib olishmoqda.

Payshanba kuni dunyo bo‘ylab transport va iqtisodiy aloqalarga ega katta va muhim shahar bo‘lgan Uxandan chiquvchi barcha reyslar bekor qilindi. Ungacha shahar aeroportidan London, Parij, Dubay va boshqa ko‘plab shaharlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud edi.

Payshanba kuni tongida Uxandagi asosiy temir yo‘l vokzali yo‘lovchilar uchun yopildi / Reuters

Shahar muzeylari, kutubxonalari va teatrlari ko‘rgazmalar, ekskursiya va boshqa ommaviy tadbirlarni bekor qilishlari shart. 

Uxandan chiqishga taqiq qo‘yilishidan oldin ham yo‘lovchilar haroratni o‘lchash nazoratidan o‘tishayotgandi / AFP

Koronavirusning yangi turi tarqalishi bilan bog‘liq xavfsirashlar fond birjalariga ham ta'sir ko‘rsatdi: payshanba kuni Xitoy indekslari taxminan 3 foiz yo‘qotdi.

Rasmiylar fikricha, yangi virusning manbai Uxandagi dengiz mahsulotlari, qushlar, ilon, quyon va boshqa hayvonlar sotiladigan bozoridir. Tirik parranda va chorva mollarini sotishga taqiq allaqachon joriy qilingan. 

«Biz kasallik yovvoyi hayvonlar sotiladigan bozordan kelib chiqqanini bilamiz. Ehtimol, virus tashuvchisi hayvon bo‘lgan va keyin odamlarga yuqtirilgan», dedi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Gao Fu. 

Yangi virus haqida nimalar ma'lum?

  • 2019-nCoV virusi hali odamlarga yuqmagan koronavirusning bir variantidir. 
  • Koronaviruslar — 38 turdagi viruslarni o‘z ichiga oladigan viruslar oilasi, ularning oltitasi (va yangi virus bilan - yettitasi) odamga yuqadi.
  • Tadqiqotchilarning fikricha, virus odamlarga hayvonlardan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin. 
  • Infeksion belgilari orasida isitma, yo‘tal, nafas qisishi mavjud. 
  • Odamlarga hayvonlarga teginmaslik, yetarli darajada qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘sht va tuxumlardan saqlanish va shuningdek shamollash yoki gripp belgilari bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.

Uxan haqida nimalar ma'lum?

Uxan - Xitoyning asosiy transport uzellaridan biri hisoblanadi / GETTY IMAGES

Uxan, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, jahondagi eng yirik shaharlar ro‘yxatida 42-o‘rinda, Xitoyda esa 7-o‘rinda turadi.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, Uxanda 9 milliondan ortiq kishi yashaydi. Shahar hokimiyati ma'lumotida esa ko‘proq raqam keltirilgan - 11 million.

Shaharning yirikligi va uning iqtisodiy taraqqiyoti virus Osiyoning boshqa mamlakatlariga va hatto AQShga nega buncha tez yetib borganini izohlaydi.

2016 yilda Uxandagi Tyanxe xalqaro aeroporti 20 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat qilgan. O‘tgan vaqt mobaynida yo‘lovchilar oqimi yanada oshgan. Uxandan London, Parij, Dubay va jahonning boshqa ko‘plab yirik shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar mavjud.

Uxan Yanszi daryosi qirg‘og‘ida joylashgan. Shahar o‘zining yuqori texnologiyali va an'anaviy sanoati bilan mashhur. Uxanda ko‘plab industrial zonalar va 52ta oliy ta'lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi, ularda 700 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi.

Mahalliy sanoat korxonalariga Fortune Global ro‘yxatidagi yirik 500 kompaniyadan 230tasi investitsiya kiritgan.

Ko‘proq yangiliklar: