Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi shahodatnomaga ega bo‘lishi kerakligi belgilandi

O‘zbekiston 11:09 / 23.01.2020 4914

Uni olish tartibi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi qarori bilan tasdiqlangan, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilmoqda.  U shartnoma asosida ko‘chmas mulk obektlarini xatlovdan o‘tkazadi (birlamchi kadastr hisobi bundan mustasno), ularning qavatma-qavat rejalarini tuzadi, texnik rejalarini rasmiylashtiradi va ularni texnik hisobga qo‘yadi. Muhandislar rieltorlik tashkilotlari bilan mehnat shartnomasini tuzadi.
 
Kadastr muhandisi bo‘lib ishlash uchun:

kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta'lim olgan bo‘lishi yoki geodeziya va yer kadastri bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lishi;

geodeziya va yer kadastri bo‘yicha kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lishi;

imtihon topshirib, malaka shahodatnomasini olishi lozim.
 
Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun “Davergeodezkadastr” qo‘mitasiga ariza va quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

pasport nusxasi;

oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi (xorijiy diplomni tan olish haqidagi guvohnoma) yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta'lim olganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi tizimidan ko‘chirma);

3,5 x 4,5 sm o‘lchamli 4 dona rangli fotosurat.
 
Imtihon guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida 1 marotaba o‘tkaziladi. 1 soat vaqtda 75 ta savolga javob berish lozim. Testlar tanlovga ko‘ra o‘zbek yoki rus tilida topshiriladi. Kamida 70 foiz savolga javob bergan talabgorlar test sinovidan o‘tgan hisoblanadi. Imtihondan o‘ta olmaganlar navbatdagi imtihonda undan takroran o‘tishlari mumkin.
 
Shahodatnoma bepul beriladi, egasining fotosurati yopishtirilgan holda tasdiqlangan shaklda rasmiylashtiriladi hamda poytaxt va poytaxt viloyatining barcha hududlarida amal qiladi.
 
“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi ochiq foydalanish mumkin bo‘lgan quyidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan kadastr muhandislarining elektron reyestrini yuritadi:

muhandisning F.I.O.;

malaka shahodatnomasi raqami, u olingan sana;

malaka imtihonida qayd etilgan natija;

shahodatnomani bekor qilish yoki amal qilishini tugatish, qayta rasmiylashtirish va dublikatini berish haqidagi ma'lumotlar.

Ko‘proq yangiliklar: