Gumonlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi

O‘zbekiston 14:28 / 23.01.2020 6026

Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2013–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi:

52-moddaning (Himoyachidan voz kechish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritilayotgan davrda istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta'minlanadigan real imkoniyatlar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi imzolaydigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi. Himoyachidan voz kechish jarayoni majburiy tartibda videoyozuv orqali qayd etiladi, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinadi. Bunda himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Ushbu qismning amaldagi tahriri quyidagicha:

“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritilayotgan davrda istalgan vaqtda himoyachidan voz kechishga haqlidir. Bunday voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining tashabbusi bilan va himoyachining ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan advokat taklif etish orqali ta'minlanadigan real imkoniyatlar mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlaydi. Bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi imzolaydigan bayonnoma tuziladi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi”.

Ko‘proq yangiliklar: