Haaga sudi Myanma hukumatiga rohingyalarni genotsiddan himoya qilish majburiyatini yukladi

Jahon 20:36 / 23.01.2020 13033

Endilikda to‘rt oydan keyin Myanma hukumati ko‘rilgan choralar bo‘yicha BMTga hisobot berishi kerak bo‘ladi, keyin esa sud bu masalada yakuniy hukmni chiqarguniga qadar har 6 oyda hisobot berib boriladi.

Bugungi qarorni 17 nafar hakamning barchasi yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlashdi. Bu qaror yuridik kuchga ega va bu qaror yuzasidan apellyatsiya berib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, sudda uning ijrosini ta'minlash mexanizmlari mavjud emas.

Sud raisi Abdulqaviy Yusuf hukmni e'lon qilayotganida sud 2017 yilda Myanma harbiylari xalqaro huquqni buzgan holda rohingyalarga nisbatan kuch ishlatgani haqidagi ma'lumotlar inobatga olinganini ma'lum qildi. Shuningdek, sud hukumat harbiylari mahalliy aholi vakillari rohingyalarning qishloqlariga uyushtirgan bosqinlarga befarqlik bilan qaragani va keyin o‘zlari bu hududlarda tozalash ishlari o‘tkazgani to‘g‘risidagi dalillarni keltirgan.

Gambiya tomonidan berilgan da'voda 2016 yilning oktyabridan 2017 yilning dekabriga qadar bo‘lgan muddatda Rakxayn shtatida myanmalik harbiylar tomonidan olib borilgan etnik tozalashlar haqida gap ketadi (Gambiya Genotsid jinoyatining oldini olish va bunday jinoyat uchun jazo to‘g‘risidagi Konvensiya a'zosi sifatida 2019 yilning noyabrida Myanma hukumatini genotsidda ayblab BMT xalqaro sudiga bergandi). 

Bu qaror sud Rakxayndagi voqealarni genotsid deb tan olganini anglatmaydi. Lekin qaror Genotsid jinoyatining oldini olish va bunday jinoyat uchun jazo to‘g‘risidagi Konvensiyaning ikkinchi moddasi (etnik guruhlarga zarar yetkazish, bunday guruhlar hayotini qasddan yomonlashtirish va tug‘ilish pasaytirilishiga qaratilgan harakatlar) bo‘yicha qabul qilingan.

Bundan tashqari, hakam rohingya xalqining farzandlarini ko‘chirish bo‘yicha harbiy choralar haqida eslab o‘tgan. Guvohlar OAVga harbiylar rohingyalarning qishloqlariga o‘t qo‘yishgani haqida so‘zlab berishgan.

Myanma tashqi ishlar vaziri va amalda mamlakat rahbari bo‘lgan Aun San Su Chji sudni Gambiya tashqi ishlar vaziri Abubakar Tambadu tashabbusi bilan kiritilgan ushbu da'voni (Afrika g‘arbidagi bu kichik musulmon davlatni Islom hamkorlik tashkilotining 57 davlati qo‘llab-quvvatlagandi) ko‘rib chiqmaslikka ko‘ndirmoqchi bo‘lgandi. 

Myanma hukumati genotsid haqidagi ayblovlarni rad etdi. O‘tgan haftada Aun San Sun Chji sudda himoya nutqi qildi va harbiylar qurolli ekstremistlarga qarshi amaliyot o‘tkazganini ma'lum qildi.

Uch kun muqaddam mamlakat hukumati taqdim etgan hisobotda tekshiruv yakunlari harbiylarning harakatida genotsid alomatlari yo‘qligini ko‘rsatgani aytilgan.

Bahs nima tufayli?

Rohingyalar - asosan buddizm dini vakillari istiqomat qiladigan Myanmadagi musulmon diniy ozchilik bo‘lib, ular bir necha yuz yildan buyon mamlakat janubi-g‘arbidagi Rakxayn shtatida yashab kelishadi.

Hukumat ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yilning oktyabridan 2017 yilning dekabriga qadar Myanma armiyasi Rakxayn shtatida bengal jangarilari va «Rohingyalarni qutqarish bo‘yicha Arakan armiyasi» ayirmachilariga qarshi amaliyot o‘tkazgan.

Ko‘plab guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar o‘ta shafqatsizlik bilan harakat qilishgan. Rohingyalar o‘z uylarini tashlab qochishga majbur bo‘lishgan va qo‘shni Bangladesh respublikasi hududiga borib o‘rnashishgan.

BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yilning avgustidan dekabrigacha Bangladeshga 742 ming kishi kelib joylashgan. Ayrim manbalar kichikroq raqamlarni keltiradi - umuman kamida 700 ming qochqin qo‘shni davlatga o‘tgan. Ular ommaviy qotilliklar, zo‘ravonliklar va harbiylarning etnik guruhlarga shafqatsizliklari haqida hikoya qilib berishgan.

Xalqaro huquq himoyachilari, islom davlatlar va boshqalar rohingyalarni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi. 2017 yilning 4 sentyabrida Chechenistonning Grozniy shahrida Myanma musulmonlarini qo‘llab-quvvatlab ko‘p ming kishilik namoyish o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: