Avstraliyadagi yong‘inlarni o‘chirishda ishtirok etgan samolyot halokatga uchradi

Jahon 22:57 / 23.01.2020 12069

Avstraliyadagi o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish vaqtida C-130 Hercules samolyoti halokatga uchradi. 22 yanvarda yo‘qolib qolgan samolyot bortida 3 amerikalik bo‘lgan va ularning barchasi halok bo‘lgan. Bu haqda 23 yanvarda Yangi Janubiy Uels shtati o‘t o‘chirish xizmati boshlig‘i Sheyn Fitssimmonsga tayangan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Fitssimmonsning ma'lum qilishicha, o‘t o‘chirish xizmati samolyot ekipaji bilan 22 yanvar soat 14 atrofida aloqani yo‘qotgan. Samolyot Kanadaning o‘t o‘chirish bilan shug‘ullanuvchi Coulson Aviation kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan bo‘lgan. 

Sydney Morning Herald nashri ma'lumotlariga ko‘ra, harbiy-transport samolyotining bo‘laklari shtat janubidagi Kum shahri yaqinida topilgan. Aviahalokat sabablari hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

Avstraliyada 2019 yil sentyabrida boshlangan o‘rmon yong‘inlari millionlab gektar yerni kulga aylantirdi, uning oqibatida halok bo‘lganlar soni 32 kishiga yetdi. Ta'kidlanishicha, ba'zi joylarda yong‘inlar shunchalik kuchli bo‘lmoqdaki, ularni havodan o‘chirishning iloji bo‘lmay qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: