Abdulla Aripov: 2025 yilga borib zamonaviy maktablar ko‘rsatkichi 25 foizga yetadi

O‘zbekiston 01:04 / 23.01.2020 6487

Oliy Majlis palatalarining 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ilk qo‘shma majlisida so‘z olgan bosh vazir Abdulla Aripov hukumatning yaqin va uzoq istiqbol uchun rejalari haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi tahrirdagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

«Keyingi yillarda ham ijtimoiy soha doimiy e'tiborimizda bo‘ladi. Hukumat bu borada yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Tibbiyot, ta'lim tarbiya, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bu obektlar infratuzilmasini rivojlantirish, bir so‘z bilan bilan aytganda, inson kapitalini rivojlantirishni muhim vazifalarimizdan deb bilamiz.

Xususan, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirishda  «Ta'lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahririni qabul qilinishi bilan uni amaliyotga joriy etishning barcha zarur choralari ko‘riladi.

Yaqinda qabul qilingan «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun ham amaliyotga joriy etiladi.

Hozirda prezident rahbarligida maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘i kengaytirilmoqda. Bu borada davlat xususiy sherikchiligi ham kengaytiriladi.

2020-22 yillarda maktabgacha ta'lim tizimining alternativ shakllari joriy etiladi. Xususan, 2020-21 yillarda 6 yoshdagi umum ta'lim maktablarida tashkil etiladigan majburiy bir yillik bepul tayorlov guruhlari bilan to‘liq, 2022 yilda esa 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 2 mln bolalar maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olinadi.

2020 yildan boshlab biz shuningdek, «Zamonaviy maktab» loyihasini amalga oshirib boshlaymiz. 2021 yilda uch foiz va 2025 yilga borib bu ko‘rsatkichni yigirma besh foizga yetkazamiz», deya bosh vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasi 2019 yilning 29 oktabr kuni e'lon qilingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: