Tegishli tavsiyalar tashkilotning Twitter’dagi sahifasida e'lon qilingan.
JSST mutaxassislari koronavirusdan himoyalanish uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya qilishgan:
- qo‘llarni sovun bilan yuvish yoki spirtli asosdagi vositalar bilan artish;
- yo‘talganda yoki aksirganda og‘iz va burunni dastro‘mol yoki bilak bilan yopish;
- shamollash va gripp alomatlariga ega odamlarga yaqinlashmaslik;
- go‘sht va tuxumni iste'mol qilishdan oldin termik qayta ishlash;
- yovvoyi hayvonlar va chorva bilan himoyalanmagan aloqalardan qochish.
Xitoyda 2019-nCoV koronavirusi bilan chaqiriluvchi zotiljamdan vafot etganlar soni 17 nafarga yetdi. Hozirda Xitoyda JSST mutaxassislari ish olib bormoqda. Virus Xitoy tashqarisiga chiqib, u bilan kasallanganlik holatlari Janubiy Koreya, AQSh, Tailand, Singapur, Hongkong va Avstraliyada qayd etilgan.
Avvalroq virus Rossiyaga ham yetib borgan bo‘lishi mumkinligi, Shanxaydan Sankt-Peterburgga kelgan bir yo‘lovchi ushbu kasallikka chalinganlik alomatlari bilan shifoxonaga olib ketilgani ma'lum qilindi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, chegaralarda sanitar-karantin punktlari orqali o‘tayotganlarning sifatli tibbiy-sanitar ko‘rikdan o‘tkazilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zotiljamga yoki boshqa o‘tkir respirator kasalliklarga chalinganlar shifoxonaga joylashtirilmoqda.