Yangi koronavirus Xitoyning boshqa shaharlarida ham aniqlandi. U qanday tarqalmoqda?

Jahon 13:34 / 21.01.2020 75012

So‘nggi ikki kun ichida Xitoyda yana 139 kishida kasallik yuqtirish holati aniqlangan. Ularning aksariyati dastlab Uxan shahrida (Xubey viloyati) bo‘lgan, bu yerda ilk yoyilish aniqlangandi, ammo endi bu holatlar boshqa shaharlarda ham kutilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 22 yanvar, chorshanba kuni, Xitoyda yangi koronavirus tarqalishi sababli favqulodda qo‘mitaning shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Kasallik Xitoyda tarqalgan, ammo undan zararlanish holatlari Janubiy Koreya, Yaponiya va Tailandda ham qayd etilgan.

Pekinda 2ta yuqtirish holati qayd etilgan, Hongkong bilan chegaradosh Shenchjen shahrida — bitta.

Dekabr oyidan beri koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 200 kishidan oshdi, ulardan 4 nafari vafot etdi.

Kasallik darajasi keskin ko‘tarilgani sababli, hukumat epidemiya yanada kengroq tarqalishi mumkinligidan xavotirda. Joriy haftada millionlab xitoyliklar oy taqvimiga binoan yangi yilni nishonlaydilar (25 yanvar), bayramda qarindoshlarini ziyorat qilish odat tusiga kiradi — ko‘pchilik mamlakatning boshqa hududlariga yo‘l oladi. 

Xitoylik tadqiqotchilar Uxanda virusli pnevmoniyaga olib keladigan ilgari noma'lum bo‘lgan koronavirus tarqalishini aniqlashgan. Virus hali yaxshi o‘rganilmagan.

Yangi virus haqida nimalar ma'lum?

  • 2019-nCoV virusi hali odamlarga yuqmagan koronavirusning bir variantidir. 
  • Koronaviruslar — 38 turdagi viruslarni o‘z ichiga oladigan viruslar oilasi, ularning oltitasi (va yangi virus bilan - yettitasi) odamga yuqadi.
  • Tadqiqotchilarning fikricha, virus odamlarga hayvonlardan yuqqan, ammo u odamdan odamga ham yuqishi mumkin. 
  • Infeksion belgilari orasida isitma, yo‘tal, nafas qisishi mavjud. 
  • Odamlarga hayvonlarga teginmaslik, yetarli darajada qaynatilmagan yoki qovurilmagan go‘sht va tuxumlardan saqlanish va shuningdek shamollash yoki gripp belgilari bo‘lgan odamlar bilan aloqa qilmaslik tavsiya etilmoqda.

Yangi virusni kim yuqtirdi?

11 million aholiga ega Uxan shahri ma'muriyatining xabar berishicha, so‘nggi dam olish kunlari virus 136 kishiga yuqqan. Bir kishi vafot etgan. 

Bunga qadar Uxan shahrida ushbu virus bilan zararlanishning 62ta tasdiqlangan holati qayd etilgan edi. 

Tokiodagi Narita aeroportiga kelgan yo‘lovchilar maxsus tekshiruvdan o‘tkazilmoqda / AFP

20 yanvar holatiga ko‘ra, Uxan shahrida 170 kishi virus bilan zararlangan edi. Ularning to‘qqiz nafari og‘ir yoki juda og‘ir ahvolda edi.

Pekin sanitar nazorat idoralarining xabar berishicha, Uxandan ikki kishi yangi virus keltirib chiqargan pnevmoniya bilan kasalxonaga yotqizilgan. 

Xitoy janubidagi Shenjen shahrida yashovchi 66 yoshli erkakda Uxandagi qarindoshlarinikiga tashrif buyurganidan so‘ng virus alomatlari aniqlangan. Yana sakkiz kishi tashxis qilinib karantinga olingan. 

Xitoy tashqarisida 2019-nCoV virusini yuqtirgan insonlar 4 nafarni tashkil etmoqda. Ularning barchasi yo Uxandan kelgan yoki bu shaharga tashrif buyurishgan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hozirda havo qatnoviga cheklovlar joriy etishni tavsiya etmasligini, ammo epidemiya tarqalishidan xavotirda bo‘lgan mamlakatlardagi hokimiyat idoralariga maslahat berayotgani haqida ma'lumot bergan. 

Virusdan zararlanganlar karantinga joylashtirilmoqda / EPA

Singapur, Hongkong va Tokio aeroportlarida Uxandan kelgan yo‘lovchilar orasida isitmasi bor odamlarni aniqlash uchun skanerlar o‘rnatildi. Shunga o‘xshash choralar AQShda San-Fransisko, Los-Anjyeles va Nyu-York ayeroportlarida ham amalga oshirildi.

Xitoy rasmiylari nima demoqda?

Yakshanba kuni Xitoyning sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi virusning tarqalishini nazorat qilish mumkinligini ma'lum qildi, shu bilan birgalikda, vaziyatni yanada nazorat qilish zarurligi qo‘shimcha qilindi, chunki virusning kelib chiqishi va tarqalishi noma'lumligicha qolmoqda. 

Dushanba kuni yangi virusga qarshi kurash bo‘yicha idoraviy mutaxassislar guruhi rahbari Chjun Nanshan uning haqiqatan ham odamga yuqishini tasdiqladi, deya xabar beradi Xitoydagi rasmiy Sinxua agentligi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha nafar tibbiyot xodimlari bemorlar bilan muloqotga kirishgandan so‘ng virusni yuqtirib olishgan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti zararlanish holatlari sonining keskin ko‘payishi aholi orasida faol qidiruv va sinovlar natijasidir, deb hisoblaydi.

Uxandagi dengiz mahsulotlari bozori yopilgan va u yerda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan / AFP

Xitoy Yangi yili infeksiya tarqalishiga qanday ta'sir qiladi?

Juma kuni Xitoyda bir hafta davom etadigan yangi yil tantanalari boshlanadi. 

Bu vaqtda yuz millionlab xitoyliklar qarindoshlari oldiga boradi va ko‘pchilik yo‘lovchilar tashish ko‘lamini hisobga olgan holda, rasmiylar infeksiya tarqalishini to‘xtata olmaydi, deb xavotirda. 

Uxan — Xitoyning asosiy transport markazlaridan biri. Bir haftadan ko‘proq vaqt oldin mahalliy ma'murlar yo‘lovchilar haroratini o‘lchash uchun aeroportlarda, shuningdek temiryo‘l va avtovokzallarda skanerlarni o‘rnatishdi. Isitma bilan og‘rigan odamlarga himoya niqoblari berilib, shifoxona va klinikalar yuborilmoqda. 

Rasmiylarning ta'kidlashicha, shahardan chiquvchi har bir shaxs skanerdan o‘tadi.

Xitoydagi yangi yil munosabati bilan millionlab kishilar qarindoshlarinikiga borishadi / AFP
Ko‘proq yangiliklar: