Toshkentdagi sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rnida balandligi 230 metrli egizak minoralar bo‘lgan biznes markaz quriladi

Jahon 23:10 / 21.01.2020 57415

Toshkentdagi hozirda Yakkasaroy tumani kichik sanoat hududi joylashgan sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rnida balandligi 230 metrli egizak minoralar bo‘lgan dauntaun (biznes markaz) quriladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Loyiha uchun zarur investitsiya miqdori 1 mlrd dollar deb baholanmoqda. Investitsiya loyihasi 18ta lot kesimida amalga oshiriladi. Qurilish maydoni 1,2 mln kv. m. turar va noturar binolardan iborat bo‘ladi. Yaqin vaqt ichida loyihaga sarmoya kiritishga tayyor investorlarni topishga kirishiladi.

Loyiha mualliflarining fikricha, markazda ikkita egizak minora qurilib, ularning yuqori qismida Quyosh va Oyni ifodalovchi ikkita aylanib turuvchi shar joylashadi.

«Toshkent markazida quriladigan biznes va madaniyat markazi poytaxt yalovbardori bo‘ladi. Har ikki minora 50 qavatdan iborat bo‘lib, balandligi 230 metrni tashkil etadi», – dedi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov.

«Poytaxtimiz mehmonlari va aholisi samolyotda aeroportga qo‘nayotganida ularning nigohi aynan shu yerga tushadi. Poytaxt mehmonlarini loyihaning mag‘zi bo‘lgan minoralar kutib oladi», – dedi u. 

Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, majmua ko‘p tarmoqli bo‘ladi. Uning hududida shahar aholisi dam olishi va ishlashi uchun barcha zarur infratuzilma, jumladan, savdo markazlari, mehmonxonalar, ulkan park va ko‘rgazma majmuasi bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: