O‘zbekistonda vazirliklar ishini baholashning reyting tizimi joriy qilinadi

O‘zbekiston 18:48 / 21.01.2020 5262

O‘zbekistonda ijro hokimiyati organlari faoliyatiga baho berishning reyting tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi tizimni xalqaro reyting va indekslar ko‘rsatkichlari bilan uyg‘unlashtirish lozim.

«Reyting qilishimiz kerak. Hozircha bu tizim bizda yo‘q. Kimdir nimadir ish qilib qo‘ysa, uni maqtaymiz. Ha, bu viloyat zo‘r deymiz. Bunday bo‘lishi kerak emas. Bu abstrakt. Hammasi aniq bo‘lishi kerak. Aniq bo‘lishi uchun esa reyting bo‘lishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqarib qo‘yinglar bu natijalarni, hamima bilishi kerak.

Har bir viloyat, har bir tuman bilsin o‘zini ishini. Ana shunda adolat bo‘ladi, kim birinchi, kim yuzinchi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu borada bosh vazir Abdulla Aripovga tegishli topshiriqlar berdi:

«Siz shu sohani mutaxassisisiz. Ijro organidagi hamma vazirlaringizga shu reyting tizimini joriy qiling. Bu yerda o‘tirgan vazirlaringiz balanparvoz gaplarni gapirmasin».

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mamlakatning xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash muhimligini ta'kidlab, Jahon bankining o‘tgan yilgi davlat boshqaruvi indikatori hisobotlarida O‘zbekiston beshta ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshilaganiga e'tibor qaratdi.

«Umuman olganda, rivojlanish indeksini ishlab chiqish vaqti keldi. Hukumat mazkur indeksdan kelib chiqib, hududlarga oid siyosatni belgilashi, mahalliy budjetlarga moliyaviy ko‘mak berishi hamda rahbarlarni rag‘batlantirish masalalarini puxta ko‘rib chiqishi kerak. Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qaysi hududda infrastruktura yetishmayapti, bank resurslari va subsidiyalar qaysi biriga ko‘proq kerak, degan savollarga javobni ana shu indeks ko‘rsatib beradi.

Kimdir kimgadir yoqsa, u zo‘r bo‘lishi kerak emas. Baholash aniq bo‘lishi kerak», – degan Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: