O‘zbekistonda pensiya islohotining yangi konsepsiyasi tayyorlanadi

O‘zbekiston 08:59 / 21.01.2020 53345

2020 yil 1 aprelgacha pensiya islohotining yangi konsepsiyasi tayyorlanadi. Norma’ning yozishicha, ushbu sanagacha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
 
Jahon banki, XVF va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda hujjat ustida ish olib borilmoqda.
 
Boshqa davlatlarga nisbatan eng kam hisoblangan pensiyaga chiqish yoshi bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi. Dunyoda erkaklar va ayollar uchun o‘rtacha pensiya yoshi 62 yoshni, O‘zbekistonda esa 57,5 yoshni tashkil etadi. Shuningdek 7 yilni tashkil etadigan, pensiya tayinlash uchun eng kam staj bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashtirilmoqda (Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyasiga muvofiq – 15 yil).
 
2011 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistondagi pensionerlar soni 2,4 baravarga oshdi. 2019 yilda ular 339 ming kishiga ko‘paydi. Bunda rasman ish bilan band aholi – 4,76 mln kishi, ular iqtisodiy jihatdan faol aholining 32,5%ini tashkil etadi.
 
– O‘tgan yilda pensiyalarni to‘lash xarajatlarining 9,3 foizi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiyalandi. 2019 yilda kompensatsiya miqdori 4 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 8 trln so‘m ajratilishi Senat tomonidan ma'qullangan, – deb ta'kidladi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijrochi direktori Bahrom Ashrafxonov.
 
Pensiya badallarini to‘lashda aholi manfaatdorligini oshirish uchun uch darajali pensiya ta'minoti tizimiga o‘tilishi ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi darajasida eng kam miqdordagi davlat pensiyasi to‘lanishi nazarda tutilmoqda. Ikkinchi darajasida – MB qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan miqdorda foizlar hisoblangan holda ish haqidan muayyan summadagi ajratmalar asosida shaxsiy hisobvaraqda jamlangan pensiyani to‘lash. Uchinchi holatda Pensiya jamg‘armasiga ajratmalar miqdori aholi tomonidan belgilanadi.
 
Joriy yilda fuqarolarning pensiya ta'minoti to‘g‘risidagi yangi qonun qabul qilinadi. Amaldagi Qonun 1994 yilda qabul qilingan. Qonunga 26 marta tuzatishlar kiritilganligiga qaramay, unda havolaki normalar, o‘zini oqlamagan imtiyozlar ham talaygina. Hozirga qadar alohida soha xodimlari, mukofotlangan va unvonlarga ega fuqarolarning ro‘yxati mavjud, ular muddatidan oldin pensiyaga chiqish imkoniyatiga egalar yoki pensiyaga yuqori miqdorda ustamalarni asoslanmagan holda oladilar. Bunday imtiyozlar 642,4 ming kishiga berilgan.
 
Idoralararo ma'lumotlar almashinuvini kengaytirish maqsadida «Pensiya» dasturiy kompleksini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda, bu yangi kompleks bo‘lishi mumkin. Hozirgi vaqtda 2,4 mln pensionerlar SMS-xabar tizimidan foydalanadilar, YaIDXP orqali axborot olish uchun boshqa onlayn-xizmatlar ham joriy etilgan, davlat xizmatlari markazlari orqali bola tug‘ilganligi va dafn marosimi uchun nafaqalar olishga buyurtmalar berish jarayoni avtomatlashtirilmoqda.
 
Vazirlar Mahkamasining 5.12.2019 yildagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda Yagona milliy mehnat tizimida jismoniy shaxslar o‘zining o‘tgan davrlardagi mehnat faoliyati haqidagi ma'lumotlarni mustaqil ravishda joylashtirishga haqli ekanligi nazarda tutilgan. Bunda kiritilgan ma'lumotlar yozuv kiritilganidan keyin 15 kun mobaynida Pensiya jamg‘armasi organlari tomonidan verifikatsiya qilinadi (tasdiqlanadi). 2020 yil 1 aprelga kelib ushbu ma'lumotlarni kiritish va ularni verifikatsiya qilish mexanizmi aniqlashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: