O‘zbekiston xorijiy yosh sayyohlar sonini 3,3 millionga yetkazmoqchi

O‘zbekiston 09:09 / 21.01.2020 3962

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov 18 yanvar kuni Toshkent shahridagi Wyndham mehmonxonasida O‘zbekiston yoshlari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi. 

Uchrashuv davomida mamlakat rahbarining yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 muhim tashabbusi asosida yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish, tarixga qiziqishini oshirish, turizm sohasiga jalb etish maqsadida 2020 yilning fevral oyida “Navro‘z” madaniyat va istirohat bog‘ida “Turizm laboratoriyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lum qilindi. 

“Turizm laboratoriyasida zamonaviy kutubxona, kovorking markazi, bepul Wi-Fi, xorijiy ekspertlar tomonidan yoshlar uchun vebinarlar, turli treninglar o‘tkazish hamda talabalar uchun turizm sohasidagi kitoblar, jurnallarga bepul obuna va onlayn kutubxonalardan foydalanish kabi imkoniyatlar yaratiladi. Laboratoriyada yoshlar tomonidan zamonaviy targ‘ibot materiallari, kreativ suvenir hamda hunarmandchilik mahsulotlarining yangi namunalari ishlab chiqiladi”, - dedi qo‘mita raisi o‘z nutqida. 

Tadbir doirasida Jamoat tashkilotlari va chet eldagi diasporalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Saidov yig‘ilganlar e'tiborini Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasiga qaratdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan va shu asosda ishlangan loyihalarni amalga oshirish natijasida 2020-2025 yillarda mamlakatda yoshlar turizmini rivojlantirishga oid maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olingan. Jumladan, Xorijiy yosh sayyohlar sonini 1,3 milliondan 2020 yilda 2,2 millionga, 2023 yilga 3,3 millionga, ichki turizm bo‘yicha yosh sayyohlar tashrifi sonini 8,1 milliondan 2020 yilda 10 millionga, 2023 yilda esa 13,6 millionga yetkazish, 2020 yilda - 20 ta, 2023 yilda 60 ta xalqaro darajadagi tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: