Nega Shveytsariyada har yili yangi prezident saylanadi?

Jahon 09:14 / 21.01.2020 86907

Bu mamlakatda har yangi yilda prezident almashadi. U yoki bu qonunni qabul qilish yo qilmaslikni fuqarolar hal etishadi. Deputatlar esa mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqiga yaqin miqdorda maosh olishadi. Bu mamlakat – Shveytsariya.

Har to‘rt yilda shveysariyaliklar parlament deputatlarini saylaydilar, ular ham o‘z navbatida hukumatni, ya'ni yetti kishidan iborat Federal kengashni saylashadi. Shveytsariyaning eng katta to‘rtta partiyasi II jahon urushi davridan beri faoliyat yuritib kelmoqda, deya hikoya qiladi Currenttime.tv, politolog Kloe Yansga asoslanib.

GFS.bern ijtimoiy tadqiqotlar instituti politologi Kloe Yans (Cloé Jans)
Foto: Republik

Prezident funksiyasini navbat bilan hukumat a'zolari bajaradi. Prezidentning vakolat muddati – bir yil: 1 yanvardan 31 dekabrgacha. U biror qo‘shimcha huquqqa ega emas – bu bir yillik muddat ramziy-tantanavor rol bo‘lib, u prezidentni tenglar ichida birinchiga aylantiradi. Prezidentning alohida funksiyalariga, masalan, boshqa davlatlar yetakchilari bilan uchrashish kiradi.

Shveytsariyada davlat rahbari deganda Federal kengash tushuniladi. Kengashning yetti nafar a'zosi teng huquqqa ega.

Shveytsariya hukumati
​​​​​​Foto: Reuters

To‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya nima?

«Fuqarolar qonunchilik tashabbusi bilan chiqishlari, qolaversa referendum orqali davlat yoki mahalliy darajada qonunlarni qabul qilishda ishtirok etishlari mumkin. Bu – tizimning o‘ziga xos jihati. Bu kabi boshqaruv shakli boshqa hech bir mamlakatda yo‘q», – deydi Kloe Yans.

Shveytsariyada odamlar siyosatchilar uchun ovoz berishdan tashqari, biror bir mamlakat bilan xalqaro shartnoma imzolash yoki imzolamaslik, muayyan hududda yangi yo‘l qurishga pul sarflash yo sarflamaslik kabi masalalarni ham referendum orqali hal qilishadi.

Shveytsariya federal saroyi, Bern.
Shveytsariya Federal Assambleyasi (parlament) va Federal Kengash (hukumat) shu binoda joylashgan

Texnik jihatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya quyidagicha ishlaydi: agar qonun loyihasi kamida yetti nafar fuqaroga yoqmasa, ular tashabbuskor guruhni shakllantirishadi. Guruh umummilliy referendum o‘tkazish uchun 50 mingta imzo to‘playdi. Natijada qonunning qabul qilinishi yo qilinmasligi referendumda aniqlanadi.

«Shu tariqa, fuqarolar hukumat va parlament tomonidan tasdiqlangan istalgan qonun loyihasini rad etishlari mumkin», – deydi Kloe.

Referendumdan tashqari, oddiy fuqarolar ham qonun loyihasini ilgari surishlari yoki qonunga o‘zgartirishni taklif etishlari mumkin. Faqat ko‘proq imzo to‘plash kerak bo‘ladi.

Shveytsariyada turlicha tashabbuslar va qonun hujjatlari yuzasidan referendumlar yiliga to‘rt marta (mart, iyun, sentabr, dekabr) o‘tkaziladi. 2017 yilda xalq shu yo‘l bilan pensiya islohotini rad etgan edi.

Shveytsariya poytaxti Bern. Shahar aholisi - 140 ming atrofida (aholi soni bo‘yicha mamlakatning beshinchi shahri)

Albatta, refendumlarda xalq tashabbuslarining yarmi ham tasdiqlanmaydi, bor-yo‘g‘i 10 foizi ma'qullanadi. Yaqinda sigirlarning shoxini arralab tashlamaydigan fermerlarga subsidiya ajratish taklifi ovozga qo‘yilib, keraklicha ovoz to‘play olmagan edi.

«Tizim asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya yotadi. Bu fuqarolarimiz o‘zlarini shveysariyalik deb hisoblashlari uchun muhim omil, bizni birgalikda ushlab turgan jihat», – deydi Kloe Yans.

Uning ta'kidlashicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiyadan tashqari, Shveytsariya siyosiy tizimining yana bir muhim tomoni – federalizmdir. Boshqaruvning bu shakli siyosiy hokimiyatni mahalliy darajada jamlash imkonini beradi. Shuningdek, amaldagi konsotsionalizmga asosan, hukumat vakillari aholining turli guruhlari fikrini maksimal darajada hisobga olishlari zarur.

Yarim stavka ishlovchi deputatlar

Shveytsariyada parlament ikki palatali, ularning har ikkisi ham teng huquqqa ega. Parlamentda barcha, hatto eng kichik kantonlar vakillari ham bor. Biroq eng qizig‘i, Shveytsariya parlamentining yarimprofessionalligi. Ya'ni xalq vakillarining 80 foiziga yaqini deputatlik faoliyatini boshqa ish bilan birgalikda olib borishadi.

«Yarimprofessional parlament g‘oyasiga ko‘ra, siyosatchilarning alohida sinfi paydo bo‘lmasligi kerak. Xalq vakillari bo‘lgan deputatlar esa oddiy odamlarning hayoti bilan uzviy bog‘liqlikda yashashi kerak, bu esa ularga xalq manfaatlarini yaxshiroq aks ettirish imkonini beradi», – deya tushuntiradi Kloe. – Albatta, buni eng ideal g‘oya deyish ham to‘g‘ri emas. Axir siyosat – muhim ish va ko‘p vaqt oladi. So‘nggi vaqtlarda professional deputatlar soni ortmoqda».

2016 yilda Shveytsariya milliy teleradiokompaniyasi deputatlarning maoshi mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan bor-yo‘g‘i 20 foizga ko‘proq ekanini ma'lum qilgandi. Biroq agar yo‘l haqi, yordamchilar va boshqa ishga oid xarajatlar uchun ustamalar hisobga olinadigan bo‘lsa, u ko‘proq bo‘ladi, deydi Kloe Yans.

«O‘ylashimcha, parlament deputati yiliga o‘rtacha 150 ming frank oladi. Oyiga bu 12 ming bo‘ladi. Umuman olganda, Shveytsariyadagi o‘rtacha ish haqi oyiga 6500 frank».

Partiyalar moliyalashtirilishi shaffof emas

Shveytsariya siyosiy tizimi nafaqat tahsin, balki tanqidga ham sabab bo‘ladi, deya tan oladi siyosatshunos.

«Yevropa kengashi Shveytsariyada siyosiy partiyalar moliyalashtirilishining shaffofligi to‘g‘risidagi qonun yo‘qligi sababli doimiy ravishda hisobot so‘raydi. Buni «katta qora teshik» desa bo‘ladi. Biroq hozir bu masala bo‘yicha tashabbuslar bor. Mamlakatimiz bu masalani umumxalq ovoz berishi orqali hal qilar, ehtimol».

Ko‘proq yangiliklar: