Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibi tasdiqlanadi (batafsil)

O‘zbekiston 08:14 / 20.01.2020 24657

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yi mintaqalaridagi yer uchastkalari va inshootlarida tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalari) joylashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish, ushbu uchastkalardagi obektlarning joylashuvini kelishish hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartiblari tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki bo‘lib, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar uchun ochiqdir. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari aholi ehtiyojlarini, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va mudofaa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shaharlar hamda boshqa aholi punktlari o‘rtasida yuklar va yo‘lovchilar tashishni ta'minlaydi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llariga bo‘linadi:

xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari – O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xalqaro avtomobil yo‘llari tarmog‘iga kiradigan yo‘llardir;

davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari – O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va tumanlarining ma'muriy markazlari, viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar, madaniyat hamda sanoat markazlari o‘rtasida transport qatnovini ta'minlaydigan, mazkur markazlarni esa, xalqaro ahamiyatga molik yo‘llar bilan, aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari, portlar va kema to‘xtash joylari, shuningdek qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan yo‘llardir;

mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari – tumanlarning ma'muriy markazlarini shaharchalar, qishloqlar va ovullar bilan, shuningdek davlat ahamiyatiga molik yo‘llar bilan bog‘laydigan yo‘llardir.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va ularga ajratilgan mintaqalarda harakat xavfsizligining ta'minlanganligi va to‘g‘ri tashkil etilganligi, harakat xavfsizligi talablariga zid kamchiliklar va noqonuniy qurilishlar bo‘lmasligi, mahalliy hokimliklar, Qurilish vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, yo‘l tashkilotlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari Qo‘mita tarkibidagi viloyat yo‘l tashkilotlari va korxonalari ixtiyorida bo‘lib, ularni ta'mirlash va saqlash ushbu yo‘l tashkilotlari va korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

Temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarini, osma ko‘priklarni, parom kechuvlarini, tramvay yo‘llarini hamda avtomobil yo‘llaridagi boshqa inshootlarni ta'mirlash va saqlash mazkur inshootlar qaysi yuridik shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li mintaqalaridagi yerlardan foydalanish

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li va yo‘l inshootlarini joylashtirish uchun ajratilgan mintaqa avtomobil yo‘li yerlaridir. Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘li va u egallab turgan yer davlat mulki hisoblanadi.

Avtomobil yo‘llarining toifalari “Avtomobil yo‘llari” ShNQga asosan toifalanadi va 5 ta toifaga bo‘linadi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari uchun xavfsizlik mintaqasi, yo‘llarning toifalari bo‘yicha qurilish uchun ajratilgan yer tasmasi chegarasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 342-son qarori hamda “Avtomobil yo‘llari va yo‘l servisi obektlarini joylashtirish uchun ajratiladigan yer maydonlarining normalari” ShNQ talablaridan kelib chiqib belgilanadi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li va u egallab turgan mintaqa yerlariga, avtomobil yo‘l poyi egallab turgan yer, transport chorrahasi, yo‘l o‘tkazgich, sun'iy inshootlar, karerlar, yo‘lga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va yotoq binolari, mintaqadagi dekorativ daraxtlar, buta va boshqa daraxtlar, yo‘l infrastrukturasiga kiruvchi inshootlar yerlari kiradi.

Ajratilgan mintaqadagi yer uchastkalari atrof-muhitni muhofaza qilish va harakat xavfsizligi qoidalari talablarini ta'minlash sharti bilan servis obektlarini joylashtirish uchun vaqtincha foydalanishga belgilangan tartibda berilishi mumkin.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va ularning xavfsizlik mintaqalaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-son qarori hamda “Avtomobil yo‘llari va yo‘l servisi obektlarini joylashtirish uchun ajratiladigan yer maydonlarining normalari” ShNQ talablari asosida amalga oshiriladi.

 Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan muttasil, yil davomida, xavf-xatarsiz, erkin va qulay sharoitlarda harakatlanish;

avtomobil yo‘l sharoitlari to‘g‘risidagi barcha axborotlarni olish;

avtomobil yo‘llaridagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish;

avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalariga asosan belgilangan tezlikda harakatlanish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning majburiyatlari:

O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi, “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar hamda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish;

avtomobil yo‘li va undagi sun'iy inshootlarga ziyon yetkazmaydigan, harakat xavfsizligi talablariga javob beradigan, texnik jihatdan soz mashina va transport vositalaridan foydalanish;

avtomobil yo‘lini va ajratilgan mintaqani ifloslantirmaslik va ularga shikast yetkazmaslik;

avtomobil yo‘lining elementlari shikastlanishiga yo‘l qo‘yganda belgilangan tartibda shikastlangan elementlarni va ularni tiklash ishlari qiymatini qoplash;

avtomobil yo‘llarida va yo‘l inshootlarida harakat xavfsizligiga zid nosozliklar va buzilishlar haqida yaqindagi yo‘l tashkilotlari yoki ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar berish;

avtomobil yo‘lidan uy hayvonlarini olib o‘tishda, uy hayvonlari aravalarini avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanish vaqtida yo‘l harakati qoidalarining ushbu ishtirokchilarga taalluqli bandlariga qat'iy rioya qilish;

avtomobil yo‘lidan piyodalarni avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanish vaqtida yo‘l harakati qoidalarining ushbu ishtirokchilarga taalluqli bandlariga qat'iy rioya qilish;

avtomobil yo‘lidan bir sathda harakatlanuvchi boshqa turdagi transport vositalari (temir yo‘l transporti, tramvay, trolleybus)ni avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanish vaqtida yo‘l harakati qoidalarining ushbu ishtirokchilarga taalluqli bandlariga qat'iy rioya qilish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar yuklatiladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga tutash bo‘lgan yer uchastkalarining mulkdorlari (foydalanuvchilari):

avtomobil yo‘liga qo‘shiladigan va shoxobcha yo‘llarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari;

ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlashga ko‘maklashishlari;

avtomobil yo‘liga tutash butalarni parvarish qilishlari va imoratlarni soz holatda saqlashlari;

avtomobil yo‘llarida uy hayvonlarining harakatlanishini oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rishlari;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga tutash bo‘lgan yer uchastkalarida qurilish, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishdan oldin tegishli yo‘l tashkilotlaridan texnik shart olishlari lozim;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘liga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar avtomobil yo‘li o‘qidan 50 metrdan kam bo‘lgan masofada toshlar, shox-shabba, konstruksiyalar va boshqa materiallar to‘planishiga yo‘l qo‘ymasliklari shart.

 Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida katta hajmli va og‘ir vaznli, shuningdek xavfli yuklarni transport vositalarida harakatlanish

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida katta hajmli va og‘ir vaznli, shuningdek xavfli yuklarni transport vositalarida harakatlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta'minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 342-son qarorining 2-ilovasida tasdiqlangan “Katta hajmli va og‘ir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishda harakat xavfsizligini ta'minlash Qoidalari” hamda 2002 yil 21 fevraldagi 62-son “O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranzitini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish to‘g‘risida” qarori talablari asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining o‘lchamlari Qoidalarda va amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan o‘lchamlardan oshganda Qo‘mita tomonidan yuk tashishga maxsus ruxsatnoma va harakatlanish yo‘nalishi aniq belgilangan yo‘nalish chizmasi beriladi.

Bunda yuk tashuvchi yoki yuk jo‘natuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs (yoki ularning vakillari) maxsus ruxsatnoma va yo‘nalish chizmasini olish uchun Qo‘mitaga tashuvni amalga oshirishdan kamida 10 kun oldin transport vositasining rusumi, turi, davlat raqami belgilari va yukning o‘lchamlari, haydovchi va yuk tashishga mas'ul bo‘lgan xodimlarning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan yozma xat (elektron pochta yoki yexat elektron tizimi) bilan murojaat etishlari zarur.

Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining parametrlari belgilangan o‘lchovlardan oshganda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan harakatlanishi uchun avtomobil yo‘llariga va yo‘l inshootlariga yetkazilgan zararlarni to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalari tomonidan avtomobil yo‘llariga va yo‘l inshootlariga zarar yetkazilganda bu haqida tegishli yo‘l tashkiloti, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining inspektori hamda avtotransport vositasi haydovchisi (yoki avtotransport vositasining mulkdori) ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilib, zarar miqdori aniqlanadi.

Dalolatnomaga avtomobil yo‘li va yo‘l inshootlariga yetkazilgan zararning foto, video tasvirlari, zararni bartaraf etish uchun qilinadigan yoki qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa dalillar ilova qilinadi.

Katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositasi tasarrufida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxsga rasmiylashtirilgan dalolatnoma nushasi ilova qilingan holda yetkazilgan zararni to‘lash to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.

Yetkazilgan zarar miqdori katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositasi tasarrufida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan ixtiyoriy qoplanmagan taqdirda tegishli yo‘l tashkiloti tomonidan sudga murojaat qilinadi.

 Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida transport harakatini vaqtincha cheklash

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida yoki uning ayrim bo‘laklarida harakatlanishni vaqtincha cheklash, avtomobil yo‘llarida yoki uning ayrim bo‘laklarida tabiiy va texnogen texnologik o‘zgarishlar oqibatlari bartaraf etilgunga qadar, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, avtomobil yo‘li va yo‘l inshootlariga zarar yetishini oldini olish maqsadida, yo‘l tashkilotlari va davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida yoki uning ayrim bo‘laklarida transport harakati vaqtinchalik cheklansa, yo‘l tashkiloti ushbu holat yuzasidan yo‘ldan foydalanuvchilarni ogohlantirishi shart.

Quyidagi holatlarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida transport harakatini vaqtincha cheklash belgilanadi:

avtomobil yo‘llarini qayta qurish, mukammal ta'mirlash va ta'mirlashda;

ommaviy tadbirlar o‘tkazish paytida (mahalliy davlat hokimiyati organlarining farmoyishi bilan);

katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarini noqulay tabiiy iqlim sharoitlarida avtomobil yo‘li va uning ayrim bo‘laklaridagi konstruktiv elementlarning ko‘tarish imkoniyati pasayganida;

avtomobil yo‘lining qurilmaviy elementlari o‘ta namlangan bahor mavsumida (O‘zgidromet ma'lumotiga asosan);

avtomobil yo‘lining ta'mirlash ishlari rejasiga kiritilgan, lekin ta'mirlash ishlari boshlanmagan ayrim bo‘laklari va qismlarida muzlama, tabiiy va texnogen xususiyatdagi ofatlar davrida;

qish oylarida muzlama va yog‘ingarchilik davrida tog‘li, dovonli va tik nishablik va keskin burilishi mavjud yo‘l qismlarida (mahalliy hokimliklar va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillarining tegishli farmoyish va ko‘rsatmalariga asosan);

avtomobil yo‘llarida yilning 15 mayidan 15 oktyabrigacha bo‘lgan davrlarida kunduzki soat 11-00 dan 23-00 gacha avtotransport vositalari va (yoki) avtopoyezd (tirkama)ning umumiy og‘irligi 20 tonnadan ortiq bo‘lganlarini havoning harorati 300S.dan yuqori bo‘lganda harakati cheklanadi.

Cheklov avtobus yo‘nalishlarida, shu jumladan, xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish, oziq-ovqat mahsulotlari, hayvonlar, dori-darmonlar, o‘g‘itlar, pochta va pochta yuklarini tashish, tabiiy ofatlarni tugatish yoki oldini olish yoxud favqulodda vaziyatlarda kerakli yuklarni tashish, Hukumat topshiriqlariga asosan belgilangan yo‘nalishlar, Mudofaa vazirligiga tegishli transport vositalarining, yo‘l tashkilotlariga tegishli maxsus texnikalarining harakatlanishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: