Pillachilikda ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilindi

O‘zbekiston 14:44 / 20.01.2020 2831

Prezident “Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2020 yilda yangi tutzorlar barpo etish uchun pillachilik tarmog‘i tashkilotlariga o‘rnatilgan tartibda ko‘p yillik ijara shartnomasi asosida ajratiladigan qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarining hududlar kesimidagi ro‘yxati;

2020-2024 yillarda respublika hududlarida meliorativ obektlar atrofida va qishloq xo‘jaligi yerlarida hosildorlikni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ixota tutzorlarini barpo etish prognoz parametrlari;

2020-2025 yillarda ipak qurti parvarishlash va tirik pilla xomashyosi yetishtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq yangi intensiv tutzorlar barpo etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjet mablag‘lari hisobidan:

pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgan holda yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 million so‘mgacha;

maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mgacha subsidiya taqdim etiladi.

Bunda budjet mablag‘larini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish talabi pillachilik va tutchilik tashkilotlari tomonidan suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurish bo‘yicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.

Mazkur bandda ko‘rsatilgan subsidiyalar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020 yil 1 sentyabrga qadar suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning tutzorlarni tashkil etishga, suv va moddiy resurslar (elektr energiyasi, mineral o‘g‘itlar va boshqalar) iqtisod qilinishiga ta'sirini mustaqil konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda o‘rganadi va 2020 yil 15 sentyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” mas'uliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli bo‘lgan tutzorlarni tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha taqsimlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” mas'uliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli bo‘lgan tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlash tartibini quyidagi mexanizmlarni hisobga olgan holda ishlab chiqib, tasdiqlaydi:

pillachilik tashkilotlari tomonidan aholiga tutzorlarni yangilash uchun tut ko‘chatlari va pilla mavsumlarida ipak qurti urug‘ini bepul tarqatish;

aholiga tutzorning but saqlanishi, tut bargi hosildorligini oshirish, yetishtirilgan pilla hajmi bo‘yicha talab qo‘yilishi;

aholi tomonidan yetishtirilgan pilla hosilini sotishdan tashqari tutzorlar orasiga qo‘shimcha ekinlar ekish orqali olinadigan daromadlarni ularning o‘zlarida qoldirish;

b) 2020 yil 1 aprelga qadar tajriba sinov tariqasida muvofiq hududlardagi tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berilishini ta'minlaydi va 2020 yil 1 noyabrga qadar tajriba sinov natijalariga asosan respublikaning qolgan hududlaridagi mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlash bo‘yicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar:

respublikadagi mavjud tutzorlar xatlovdan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

xatlov natijasida aniqlangan eskirgan, yaroqsiz tutzorlarni yangilash dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;

o‘zboshimchalik bilan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun berib yuborilgan tutzorlar bo‘yicha ma'lumotlarni tegishli organlarga, shu jumladan prokuratura organlariga qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish uchun taqdim etadi;

b) 2020 yil yakuniga qadar pillachilik tarmog‘i tashkilotlariga ajratiladigan yerlarda kamida 5 ming gektar tutzor tashkil qilish va ularda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish chorasini ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: