Oliy Majlis Senatining birinchi majlisi o‘z ishini boshladi

O‘zbekiston 16:32 / 20.01.2020 13957

2020 yil 20 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi o‘z ishini boshladi.  

Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Majlisda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov majlisni ochdi.

Parlament yuqori palatasi birinchi majlisining kun tartibi senatorlar tomonidan tasdiqlandi. Unga ko‘ra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini shakllantirish yakunlari to‘g‘risidagi axborotini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisini, Senat Raisi o‘rinbosarlarini saylaydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitalari va komissiyasini tuzish, ularning raislarini, raislari o‘rinbosarlari va a'zolarini saylash ham kun tartibiga kiritilgan.

Kun tartibi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: