Liviyadagi urush: Berlin sammitida nimalarga kelishildi?

Jahon 12:10 / 20.01.2020 33326

«Biz ushbu konferensiyada ishtirok etgan barcha delegatlarning Liviyadagi urushayotgan tomonlarni qo‘llab-quvvatlamaslik hamda barcha harbiy harakatlarni to‘xtatib, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga rioya qilish bo‘yicha va'dasini oldik», degan Merkel.

Berlindagi sammitda Liviyada o‘zaro urushayotgan ikki tomon - Tripolining xalqaro miqyosda tan olingan Milliy kelishuv hukumati rahbari Foiz Saroj va uning raqibi, Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni general Xalifa Xaftar ham ishtirok etgan, ammo ular o‘zaro uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelisha olishmagan.

Konferensiya qatnashchilari qatorida mezbon Germaniya rahbaridan tashqari, rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte va AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bor. Shuningdek, BAA, Misr, Jazoir, Xitoy va Kongo vakillari hamda BMT, Yevropa ittifoqi, Afrika ittifoqi va Arab davlatlari ligasi rahbarlari ishtirok etmoqda.

Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, sammit ishtirokchilari o‘tgan hafta davomida Tripolida o‘rnatilgan tinchlik doimiy bo‘lishi va siyosiy muzokaralarni davom ettirish kerakligiga kelishishgan. Merkel xonimning aniqlik kiritishicha, tinchlikka amal qilinishi maxsus qo‘mita tomonidan nazorat qilinadi, uning tarkibidan ziddiyatli tomonlarning vakillari bo‘lgan 5 nafar harbiy vakil o‘rin oladi.

Shu bilan birgalikda, Rossiya tashqi ishlar vaziri v.b Sergey Lavrov Liviyada o‘zaro urushayotgan guruhlar yarashishdan uzoqligini tan olgan. «Umuman, biz bu konferensiyani foydali deb hisoblaymiz, - degan Lavrov Berlin sammitidan keyin. - O‘z-o‘zidan tushunarliki, alal-oqibat barchasini liviyaliklarning o‘zlari hal qilishadi, hozircha esa ular o‘rtasida muloqot o‘rnatilmadi, ularning masalaga yondashuvlari bir-biridan juda farqli».

Tashqi kuchlar ziddiyati

Liviyadagi ziddiyatga barham berilishi uning barcha tashqi ishtirokchilariga, shu jumladan Rossiyaga ham bog‘liq, dedi Berlinga kelgan Boris Jonson.

«Gap tashqi kuchlar tomonidan olib borilayotgan vositachilik mojarosi haqida ketmoqda: bir tomonda Rossiya, Misr va boshqa davlatlar, ikkinchi tomonda Turkiya va boshqa davlatlar, uchinchi tomonda Yevropa ittifoqi davlatlari. Bunday mojaro faqat tashqi kuchlar o‘z aralashuvini to‘xtatsa yakun topishi mumkin. Britaniya barchani shunga chaqiradi, bu holat juda uzoq vaqt saqlanib qolmoqda va bu sharmandalikdir», degan Jonson jurnalistlarga.

Foto: Reuters

Shanba kuni general Xaftar kuchlari mamlakatdagi asosiy portlardan neft eksportini to‘sib qo‘yishgandi.

«Biz muloqot davom etishi va mojaroga yechim topilishiga umidimizni yo‘qotmaymiz», dedi Rossiya prezidenti Putin konferensiya doirasida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an bilan uchrashuvdan keyin.

Sammit arafasida Liviyaga Tripolidagi hukumatni qo‘llash maqsadida turkiyalik harbiylarni yuborishga ruxsat bergan Erdo‘g‘an esa general Xaftarning agressiv pozitsiyasiga chek qo‘yish vaqti kelganini yana bir bor ta'kidlagan.

Moskvadagi uchrashuv barbod bo‘lishi

EPA

13-14 yanvar kunlarida Moskva shahrida tashkillashtirilgan muzokaralarda Liviyadagi mojaro tomonlari tinchlik sulhi bo‘yicha kelishuvga erisha olishmagandi.

Muzokaralar Putin va Erdo‘g‘an tomonidan kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimning tasdiqlanishi bilan yakunlanishi kutilgan, ammo Xaftar bu bitimni imzolashdan bosh tortib, Moskvadan ketib qolgandi.

Avvaliga muzokaralarda vositachilik qilgan tomonlar bo‘lmish Rossiya va Turkiya TIV rahbarlari Sergey Lavrov hamda Mavlud Chovusho‘g‘li muzokaralarda «ma'lum siljish» kuzatilayotganini qayd etib, dushman tomonlar bir stol atrofida o‘tirishini bildirishgandi.

Lekin «Kommersant» nashrining Moskvadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha yozgan maqolasida keltirilishicha, Xaftar va Saroj baribir bir stol atrofida o‘tirishmagan, turkiyalik va rossiyalik diplomatlar ularning so‘zlarini bir-biriga yetkazib turishgan.

Sky News Arabia telekanali ma'lumotiga ko‘ra,tomonlarning kelisha olmasligiga asosiy sabab, general Xaftar o‘z harbiylari Tripoliga kiritilishini talab qilmoqda, Milliy kelishuv hukumati rahbari esa Xaftar qo‘shinlari 2019 yilning 4 apreligacha bo‘lgan pozitsiyasiga (aynan o‘sha kuni general Liviya poytaxtini olish uchun yurish boshlagandi) qaytishini istamoqda.

Xaftar imzolashdan bosh tortgan bitimda BMT va Rossiya shafe'ligida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish, Liviya milliy kelishuv hukumati va Liviya milliy armiyasi ishtirokida yarashuv hukumati tuzish, shuningdek, Liviya sohillari va neft-gaz konlari xavfsizligi xalqaro nazorat ostida bo‘lishi ko‘rsatilgandi.

Kim aslida kim?

Foiz Saroj va Xalifa Haftar / Foto: AP

76 yoshli general Xalifa Haftar ko‘p yillar davomida 2011 yili o‘ldirilgan liviyalik diktator Muammar Qazzofiyning safdoshi bo‘lgan. 1969 yilda u Qazzofiy hukumatga kelishi bilan yakunlangan davlat to‘ntarishida ishtirok etgan. Qazzofiy hukmronligi davrida u SSSRda tahsil olgan, polkovnik lavozimigacha ko‘tarilgan, 1980-yillar oxirida esa Liviyaning Chad bilan urushidagi muvaffaqiyatsizliklari ortidan muxolifatga o‘tgan. 1990-yillar boshida Amerika fuqaroligini olgan Xaftar 20 yilga yaqin vaqt AQShda yashagan, ammo Qazzofiy halok bo‘lib, Liviyada fuqarolik urushi boshlangach vatanga qaytgan.

2014 yilda u mamlakatda yana bir harbiy to‘ntaruv amalga oshirishga urinib ko‘rgan, urush davomida armiyadagi maqomini avval general-leytenant darajasiga, keyin feldmarshal darajasigacha yetkazgan. Urush yillarida Xaftar bir necha marta Moskvaga safar qilib, bu yerda Sergey Lavrov va Sergey Shoygu bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. O‘tgan yillar mobaynida u Misr, Fransiya va BMT shafe'ligida ham bir necha marta Foiz Saroj bilan muzokaralar o‘tkazgan, ammo bu muzokaralar samarasiz qolmoqda.

Ayni vaqtda 59 yoshda bo‘lgan bosh vazir Foiz Saroj Muammar Qazzofiy hukmronligi davrida  Liviyada qurilish vazirligida ishlagan. 2015 yilda Milliy kelishuv hukumati tuzilgani e'lon qilingan va uni Saroj boshqara boshlagan. Bu hukumat ma'lum vaqt davomida bosh vazir Xalif al-Gavi boshqaruvidagi Milliy qutqaruv hukumati bilan parallel ishlagan, ammo 2016 yilda Milliy qutqaruv hukumati tarqatib yuborilgan va uning barcha vakolatlari Milliy kelishuv hukumatiga o‘tkazilgan.

General Xaftar qo‘shinlari ayni vaqtda Liviya hududining qariyb 90 foizini nazorat qiladi va uni Rossiya, Misr, Iordaniya hamda BAA qo‘llab-quvvatlaydi, Fransiya ham ushbu hukumatga yordam berib keladi, Saroj hukumati esa BMTning aksar a'zolari tomonidan qonuniy organ deb tan olingan va Turkiya tomonidan faol ravishda qo‘llab-quvvatlovga ega.

Liviyada nimalar bo‘lmoqda?

Tripolini Xaftardan mudofaa qilayotgan kuchlar / AFP

Liviyada 2011 yilda polkovnik Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilgach boshlangan fuqarolar urushi hamon davom etmoqda.

O‘zini Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni deb e'lon qilgan general Xaftar mamlakat sharqini qo‘lga olgan. 2019 yil aprelida u Tripolidagi Milliy kelishuv hukumatiga sodiq bo‘lgan kuchlar ustiga yurish boshlagandi.

Uning harbiylari hozirgacha poytaxtni qo‘lga ololmadi, ammo ular yanvar oyi boshlarida kattaligi bo‘yicha mamlakatda uchinchi o‘rinda turuvchi, strategik nuqtayi nazardan o‘ta muhim bo‘lgan port shahar Sirtni egallashdi.

O‘shanda urushuvchi tomonlar o‘rtasida vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim imzolangandi. Ammo ikki tomon ham bir-birini sulhni buzishda aybladi. Bu ayblovlar Moskvadagi muzokaralar barbod bo‘lishiga olib kelgandi.

Ko‘proq yangiliklar: